Ehtiyojmandlarga yelkadosh boʻla olganlar hamisha yuksak hurmatga loyiq
Bugungi kunda koronavirus pandemiyasiga qarshi har birimiz kurashishimiz, bir lahza ham eʼtiborsiz boʻlmasligimiz kerak.
Bugungi kunda koronavirus pandemiyasiga qarshi har birimiz kurashishimiz, bir lahza ham eʼtiborsiz boʻlmasligimiz kerak. Bu odamlar, aholining sogʻligʻi, hayoti bilan bogʻliq oʻta muhim masala.
Butun xalqimiz birlashib, “Uyda qoling!” shioriga qattiq amal qilmoqda. Bunday paytda saxovatpesha insonlar qalb amri bilan qiynalib qolgan insonlarga mehr ulashmoqda.
Bunday sharoitda birinchi navbatda ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz qatlam nisbatan koʻproq qiynaldi. Ayniqsa, mavsumiy va kunlik ishlarda mehnat qilib, oilasini tebratayotgan insonlarning oilasi koʻmakka ehtiyoj sezdi. Shunday vaziyatda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining yordam va koʻmakka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish haqidagi tashabbusni xalqimiz, jamoatchilik koʻtarinki ruhda, qizgʻin kutib oldi. Saxovatpesha insonlar koʻp, kimdir oziq-ovqat, kimdir dori-darmon bilan qiynalgan insonlarga yordam bermoqda. Saylovchilarimning muammolarini oʻrganish uchun okrugimda boʻlganimda bunga oʻzim ham amin boʻldim.
Yoshi oltmishlar atrofida boʻlgan otaxonni yoʻlda uchratdik. Ziyoli, oʻrtaxol oilalardan birining vakili ekan. Mahalla raislaridan biri shu otaxon toʻyga boqayotgan boʻrdoqisini sotib, mahalladagi qiynalib qolgan oilalarni oziq-ovqat bilan taʼminlaganini aytdi. Mana shunday insonlar xalqimizning chinakam muruvvatli ekanligini isbotlaydi. Bunday samimiy, mehr-muruvvatli insonlar qanchadan qancha ehtiyojmandlarning ruhini koʻtarmoqda, ularning boshiga ish tushgan qiyin damlarda yelkadosh boʻlmoqda.
Bir-biriga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish kabi eng olijanob fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida azaldan mujassam, aslida. Faqat bugun ushbu intilishlar yana-da kuchliroq joʻsh urib, yuzaga chiqmoqda.
Yurtboshimiz “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonda koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini koʻrsatgan insonlarni taqdirlash belgilandi.
Bundan tashqari, milliy qadriyat va anʼanalarimizni munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat, himmat va olijanoblik fazilatlarini ulugʻlab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularga beminnat koʻmak berish borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga koʻtarishga katta hissa qoʻshgan insonlar ham taqdirlanadi. Shuningdek, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, birlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, begʻaraz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan koʻpchilikka alohida oʻrnak boʻlayotgan yurtdoshlarimiz taqdirlash koʻzda tutilayotgani muhim ahamiyatga ega.
Ehtiyojmandlarga beminnat yordam qoʻlini choʻzadigan insonlarning yaxshiliklari yerda qolmaydi. Ular davlatimiz eʼtiborida, elning duosi esa saxovatpeshalarning topganiga yana-da baraka beradi. Ogʻir damlarda berilgan yordam esa hech qachon unutilmaydi.
Q.QOSIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati, Fuqarolarning
sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi