O‘zA O`zbek

09.07.2018 20:55 Chop etish versiyasi

Ehtiyojmand oilalarga yangi uylar kaliti topshirildi

Ehtiyojmand oilalarga yangi uylar kaliti topshirildi
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj 10 oilaga yangi uylarning kaliti tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ehtiyojmand fuqarolar va kam ta’minlangan oilalar hamisha davlatimiz e’tiborida ekani, ularning har biri jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida yetarli sharoitga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Mirzaobod tumanidagi “Bog‘iston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yangilangan loyiha asosida qurilgan 10 ta zamonaviy uy “Javohir Farhod hamkor servis” xususiy korxonasi quruvchilari tomonidan bunyod etildi. Uylarda individual isitish tizimi, issiq va sovuq suv, tabiiy gaz va elektr ta’minoti barcha texnik talablarga ko‘ra jihozlangan.

8.JPG

– Yangilangan loyihalar asosida barpo etilgan ushbu uy-joyning umumiy loyiha qiymati 1 milliard 130 million so‘mdan iborat, – deydi “Javohir Farhod hamkor servis” xususiy korxonasi rahbari Azim Ismoilov. – Xonadonlarda barcha qulayliklar yaratildi. 2 sotix yer maydoni, 2 yashash xonasi, yuvinish xonasi, ichki va tashqi oshxona zamon talablariga to‘la javob beradi. Ayniqsa, tandir-o‘choq ham borligi uy bekalarini g‘oyat xursand qildi.

II guruh nogironi Muhayyo Husanova yangi uy sohibalaridan biridir.

– Biz eru xotin 4 farzandimiz bilan ijarada yashar edik, – deydi Muhayyo Husanova. – Bugun hayotimdagi eng quvonchli kunlardan biri. Boisi, ham uyli, ham ishli bo‘ldim. Ishli bo‘ldim deyishimning sababi tikuv mashinasi ham berishdi-da.

Sirdaryo viloyatida joriy yilda 112 ta, 2019 yilda esa 200 ta ehtiyojmand oilaga uy berilishi rejalashtirilgan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva, Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Furqat Toshmatov (O‘zA) olgan suratlar

A.Qayumov, O‘zA
3 928