O‘zA O`zbek

10.05.2018 13:59 Chop etish versiyasi

Ehtiyojmand oilalarga yangi uylar

Ehtiyojmand oilalarga yangi uylar 9 may – Xotira va qadrlash kuni bir guruh yurtdoshlarimiz hayotida unutilmas voqea bo‘ldi. Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida ehtiyojmand oilalarga Prezident sovg‘asi – yangi uylarning kaliti tantanali topshirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar ehtiyojmand insonlar hayotiga hamda ularning oilasiga chinakam quvonch olib kirmoqda. 

6 (1).JPG

Farg‘ona viloyatida uy-joyga muhtoj, imkoniyati cheklangan fuqarolarni uy-joylar bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyat markazida butunlay qayta ta’mirlangan zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylarning foydalanishga topshirilishi ham ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

Shu munosabat bilan Qirguli massivida tashkil etilgan tadbir haqiqiy shodiyonaga aylandi. Karnay-surnay sadolari mahallani tantanaga chorladi.

Shinam, bir oila bekamu ko‘st yashashi uchun barcha sharoit muhayyo etilgan uyga ko‘chib kirgan, quvonchini el bilan bo‘lishganlardan biri Muhayyo Tursunovaning o‘g‘li Bunyod avariya tufayli nogironlik aravachasiga mixlangan. 1998 yildan buyon bitta xo‘jalikda 7 kishi istiqomat qilib kelar edi. 

5.JPG

– Anchadan buyon uy-joyga muhtoj edik, – deydi M.Tursunova. –Bunday uyga ega bo‘lgach, eng katta orzularimdan biri ro‘yobga chiqdi. Bu imkoniyat, g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdorman.

A.Jomiy mahallasida yashovchi Mavluda O‘rmonovaning ham bugun quvonchi ichiga sig‘maydi. U uch nafar farzandi bilan ijarada yashab kelayotgan edi. Uning o‘zi va kenja farzandi nogiron.Unga ikki xonali xonadonning kaliti topshirildi. 

8.JPG

– Qalbimdagi minnatdorlikni, shukronalikni so‘z bilan ifodalay olmayman, – deydi Mavluda opa. – Hayotimizda bir kemtiklik bor edi. Uysiz edik. “O‘z uying – o‘lan to‘shaging” degan gap qanchalar haqiqat ekanini biz kabi ijarama-ijara yurganlar yaxshi biladi. Bugun Prezidentimiz rahnamoligida ko‘rsatilgan beminnat ko‘mak tufayli bu kemtiklikning o‘rni to‘ldi.

Yangi turar joy hududida “Far Mohinur tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik tarmog‘i ham ish boshladi. Natijada 35 yangi ish o‘rni yaratilib, mazkur uylarning yangi sohiblari ham ishli bo‘ldi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) O‘zA
5 936