Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.08.2017 18:22 Chop etish versiyasi

Ehtiyojmand oilalarga bayram tuhfasi

Ehtiyojmand  oilalarga  bayram  tuhfasi Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida Farg‘ona shahrida 54 oilaga mo‘ljallangan uy-joy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda odamlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning o‘y-fikrlari, orzu-umidlari, quvonchu tashvishlaridan xabardor bo‘lish, hayotiy talab va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekani alohida  ta’kidlandi.
 
Farg‘ona shahrida ham ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 22-noyabrdagi "2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

– Mazkur hujjat ijrosi doirasida 5 ta 7 qavatli 210 xonadonli zamonaviy arzon uylar qurilmoqda, – deydi Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sayyora Alimova. – Uylar joriy yil oxiriga qadar foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, shahrimizda bo‘sh turgan binolar qayta ta’mirlanib, uy-joyga muhtoj oilalarga berilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida bo‘sh turgan 2 bino ta’mirdan chiqarilib, 108 oilaga berildi.
 
Farg‘onalik Zuhra Sultonovaning bugun quvonchi ichiga sig‘maydi. Uning necha yillik orzusi ro‘yobga chiqdi, ikki xonali uy sohibi bo‘ldi. Opa qizi va nevarasi bilan 17-yil ijarada yashab keldi.
 
– O‘z uyim bo‘lishini qanchalar istaganimni tasavvur ham qilolmaysiz, – deydi Zuhra opa. – Ijarada turish mashaqqati va uysizlik nimaligini boshidan kechirgan kishilar meni yaxshi tushunadi. Xudoga shukr, orzuim ushaldi. Davlatimizning o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rligini qarangki, bugun o‘z uyimga ega bo‘lib turibman. Bizdek uyga muhtoj oilalar og‘irini yengil qilayotgan Prezidentimizga rahmat. Bu uy eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramiga eng katta sovg‘a bo‘ldi.

Bufotima Domullajonova ikki farzandi, kelini va nevaralari bilan ijarada yashab kelgan. Uning murojaati qondirilib, yangi xonadon kaliti topshirildi.

– Bu gapga to‘g‘risi, avvaliga unchalik ishonmadim, tush bo‘lsa kerak, deb o‘yladim, – deydi B.Domullajonova. – Ochig‘i, umidimni yo‘qotmay, yaxshi kunlarni kutdim, lekin bunday tuhfani xayolimga ham keltirmagandim. Chunki, ilgari bunaqasi hech bo‘lmagan-da, eshitmaganmiz ham. Yo‘q, rost ekan. Ko‘rib turibsiz, mana bu yangi uyning kaliti. Mana, endi o‘zimizning uyga ega bo‘ldik. Bunday ezgu ishlar boshida turgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

II guruh nogironi Mirodil Mamadaliyev amakisining uyida 4 xo‘jalik bilan yashab kelayotgan edi.
 
– Uy-joy qilish uchun ko‘p uringanman, ammo imkoniyatim cheklangani uchun harakatim zoye ketdi, – deydi M. Mamadaliyev.  – Xalq qabulxonasiga qilgan murojaatim inobatga olinib, uy-joyli bo‘lganimizdan boshimiz osmonga yetdi. Bugun chinakam baxt qandayligini yurakdan his qilayapman. Saxovatli, bag‘rikeng insonlardan bir umr minnatdorman.

O‘zgalar mehr-muruvvatiga muhtoj insonlarga unutilmas quvonch ulashayotgan bunday tadbirlar Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligini munosib kutib olish taraddudi qizg‘in borayotgan shu kunlarda bir-biriga ulanib ketmoqda. Zero, inson manfaati ulug‘lanadigan yurtga to‘ylar, bayramlar yarashadi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 165






Все о погоде - Pogoda.uz