Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 15:32 Chop etish versiyasi

Ehtiyojmand oilalar ham uyli, ham ishli bo‘ldi

Navoiy viloyatida jismoniy imkoniyati cheklangan va uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga Prezidentimiz nomidan yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uy-joylardan olish imkonini beruvchi maxsus sertifikatlar va zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi.

Mamlakatimizda aholi farovonligini yuksaltirish, ayniqsa, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ularning emin-erkin yashashi, iste’dod va imkoniyatini yuzaga chiqarishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 1 avgustdagi “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari nomidan boshlang‘ich badal to‘lovi amalga oshirilgan 20, mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan 4 yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylarga egalik huquqini beruvchi sertifikatlar topshirilishi nafaqat ularning o‘zi va yaqinlarini, balki butun viloyat ahlini behad mamnun qildi. 

Karmanalik Hamroyevlar oilasiga shunday sertifikat topshirilgani ular uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi. Oila boshlig‘i Akmal Hamroyev bolalikdan II guruh nogironi. Taqdir taqozosi bilan turmush o‘rtog‘i Gulmira ham II guruh nogironi. Shunday bo‘lsa-da, ahil oila kelajakka ishonch bilan 2 nafar farzandni tarbiyalamoqda. Farzandlaridan biri ham xuddi shunday nogiron. 4 xo‘jalik bir hovlida yashaydi. Mana endi davlatimiz g‘amxo‘rligi bilan bu oilaga alohida uy beriladigan bo‘ldi.

– Bu xushxabarni eshitib, tilim kalimaga kelmay qoldi, o‘zimni tutib turolmadim, – deydi Akmal Hamroyevning onasi Mehriniso aya. – Men kabi ko‘ngli yarim onaizorning farzandlari ham emin-erkin, baxtiyor hayot kechirishi uchun shunday sharoit yaratib berayotgan Prezidentimizdan, hukumatimizdan juda minnatdorman. Nogiron kelinim va o‘g‘limning hayotga ishtiyoqi, ertangi kunga ishonchi yanada ortdi. Don mahsulotlari korxonasidan kelinimga tikuv mashinasi sovg‘a qilishdi, kasanachi sifatida ishga ham olishdi. Imtiyozli kredit asosida berilgan uyning bank to‘lovlarini o‘z mehnati ortidan qoplaydigan bo‘ldi. Ko‘ngli yarim bolalarim ham el-yurtga naf keltiradi, hamma qatori o‘z mehnati bilan ro‘zg‘or tebratadi. Xursandchilikdan o‘zimga sig‘may ketayapman. Iloyo, yurtimiz tinch bo‘lsin, davlatimiz rahbari omon bo‘lsin. 

Tadbirda ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj 44 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari topshirildi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
1 118






Все о погоде - Pogoda.uz