Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2017 15:55 Chop etish versiyasi

Ehtirom va e’zoz

Ehtirom va e’zoz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan faxriylarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatilayotgani mamlakatimizda inson sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilganining dalolati.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi farmoni va "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori nuroniylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va ehtiromning amaldagi ifodasidir.

Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakillari “Nuroniy” jamg‘armasi va qator tashkilotlar bilan hamkorlikda urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilgan faxriylar holidan xabar olmoqda.

Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni L.Buzrukov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari O‘.Mirzayorov va boshqalar poytaxtimizning Olmazor tumanida istiqomat qilayotgan to‘qson besh yoshli Aminjon ota Aliyevga Prezidentimiz nomidan pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘a-salomlarni tantanali tarzda topshirdi.

A.Aliyev urushdan qaytgach, Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘qidi. Institutni bitirgach, qirq yil tibbiyot sohasida samarali faoliyat yuritdi. Turmush o‘rtog‘i Rahbarxon aya bilan olti farzandni tarbiyaladi. Ularning barchasi ota kasbini tanlab, tibbiyot tizimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ona yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan insonlarning Vatan oldidagi xizmatlari hech qachon unutilmaydi. Aminjon otaning ham mehnati e’tirof etilib, istiqlol yillarida Birinchi Prezidentimiz farmonlariga binoan “Jasorat” va “Shuhrat” medallari bilan taqdirlandi.

– Umrimning eng navqiron chog‘i urush deb atalgan ofat davriga to‘g‘ri keldi, – deydi Aminjon ota. – U sovuq kunlarni eslashni ham xohlamayman. Inson uchun tinchlik va totuvlikdan ko‘ra qadrliroq ne’mat yo‘q. Yaratganga behisob shukr, mamlakatimiz mustaqilligini ham ko‘rish nasib etdi. Nabiralarim ko‘magida poytaxtimizni aylanishni yaxshi ko‘raman. Osmono‘par imoratlar, qurilayotgan yangi uy-joylar, istirohat bog‘larini ko‘rib, zavqim oshadi. Farzandlarimga “Bugun yurt ravnaqi yo‘lida mehr berib fidoyilik ko‘rsatib ishlaydigan zamon keldi”, deyman. Buning omili – istiqlolimizga umrboqiylik tilayman.

Katta hayotiy tajribaga ega mo‘tabar nuroniylarimiz turli tadbirlarda, yoshlar bilan suhbatlarda tinchlikning, bugungi osoyishta va farovon kunlarning qadriga yetish haqida to‘lqinlanib gapiradi. Ana shular qatorida poytaxtimizning Olmazor tumanida yashovchi to‘qson ikki yoshni qarshilagan Vasiliy G‘aniyev ham bor. Otaxonning xonadoni ham shu kunlari yo‘qlab keluvchilar bilan gavjum. Yaqinlari, oila a’zolari bir dasturxon atrofida yig‘ilgan.

V.G‘aniyev 18 yoshida frontga ketgan. Janglardan birida qattiq yaralangan. U hozir ham jangovar do‘stlari, harbiy xizmatni o‘tagan joylarini tez-tez xotirlaydi. Otaxon urushdan so‘ng umrini harbiy xizmatga bag‘ishladi.

Keksa avlod vakillariga davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, yoshlarning hurmat va ehtiromi mamlakatimizda inson manfaati, uning sha’ni hamma narsadan ustun ekani dalolatidir. Joriy yilda ham otaxonga Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriyasida salomatligini mustahkamlash, mazmunli hordiq chiqarishi uchun bepul yo‘llanma berildi.

Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining tinchlikni, Vatanni madh etuvchi ashulalari nuroniylarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Shahnoza Mamaturopova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
2 554






Все о погоде - Pogoda.uz