O‘zA O`zbek

08.01.2018 16:00 Chop etish versiyasi

"Ehtirom" mukofoti sohiblari aniqlandi

Poytaxtimizda madaniyat va san’at sohalaridagi "Ehtirom" mukofoti sohiblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unga san’atning turli jabhalarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, rejissyor va xonandalar, bastakorlar, musiqa ijrochilari, muzey va teatr mutasaddilari, oliy ta’lim maskanlarining professor-o‘qituvchilari, ommaviy axborot vositalarining xodimlari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.Sayfullayev va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 3-avgust kuni mamlakatimiz ziyolilari bilan uchrashuvi hamda Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasida san’atning barcha yo‘nalishlari, adabiyot, media sohaga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga oid amaliy chora-tadbirlar bilan birga yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularning didi va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirishda ijodkorlar zimmasidagi mas’uliyatni yanada kuchaytirish borasida dolzarb vazifalar belgilanganini ta’kidladi. Ayni paytda sohani yanada rivojlantirishga oid istiqboldagi amaliy chora-tadbirlar rejalashtirib olindi.

Yurtimizda faol va samarali ijod qilayotgan san’at va madaniyat vakillari hamda o‘z ijodiy tajribasi bilan yoshlarga ibrat bo‘layotgan ustoz san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan "Ehtirom" mukofoti ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan yana bir maqsad – mehnatlari e’tirof etilib, yuksak qadrlangan ustozlarni yoshlarga ibrat sifatida ko‘rsatish, navqiron ijodkorlarda milliy madaniyatimiz va san’atimizga yanada ko‘proq hurmat va ehtirom, havas uyg‘otish, shu orqali ularni ijodiy parvozlarga da’vat etishdan iboratdir.

"Ehtirom" mukofoti madaniyat va san’at sohalarining bir necha yo‘nalishlarini qamrab olgan bo‘lib, "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida belgilangan vazifalarga uyg‘undir.

Jami o‘ttizdan ortiq nominatsiyadan iborat bo‘lgan mazkur mukofot teatr, ommaviy tomoshalar, estrada, an’anaviy, opera xonandaligi, musiqa ijrochiligi va raqs san’ati, tasviriy va amaliy san’at, badiiy ijod, jurnalistika va televideniye kabi sohalarni qamrab olgan. Jumladan, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining ustoz san’atkori, O‘zbekiston xalq artisti Yayra Abdullayeva "Sahnamiz farishtasi" nominatsiyasida, O‘zbekiston xalq artisti, "Diydor" teatr-studiyasi badiiy rahbari Bahodir Yo‘ldoshev "Yil rejissyori", mohir baletmeyster Gavhar Matyoqubova "Yilning faol baletmeysteri", O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Ilhom Jabborov "Tasviriy san’at jonkuyari" kabi nominatsiyalarda g‘olib, deb topildi. Ayni paytda san’at olamida muxlislar e’tiborini qozonayotgan badiiy jamoalar, yosh ijodkorlar ham mazkur mukofotga munosib topilgani e’tiborga molikdir. O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri "Yilning faol orkestri" nominatsiyasida, "Navbahor" ashula va raqs ansambli artisti Dilorom Madrahimova "Yilning faol raqqosasi" nominatsiyasi sohibi bo‘lgan.

– Mamlakatimizda milliy musiqa san’atimiz, ayniqsa, maqom rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan amaliy e’tibor mazkur sohada ijod qilayotgan xonanda va sozandalar, musiqashunoslar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi faxriy professori, O‘zbekiston xalq artisti, "Yilning faol an’anaviy qo‘shiq ijrochisi" nominatsiyasi g‘olibi Munojat Yo‘lchiyeva. – Bunday ulkan e’tibor yanada jo‘shib, zavq bilan ijod qilishga undaydi.

Tadbirda san’at va madaniyat sohasida samarali va fidokorona mehnat qilayotgan ijodkorlar "Ehtirom" mukofotining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

San’at ustalari ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Kechada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
7 484