O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

EHF – ham xavfsiz, ham tezkor, ham samarali

EHF – ham xavfsiz, ham tezkor, ham samarali

Mamlakatimiz soliq tizimida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilayotganligi tadbirkorlik subyektlariga koʻplab qulaylik va imkoniyatlar taqdim etayotir.

Xususan, hisobvaraq-fakturalar, ishonchnoma, bajarilgan ishlar dalolatnomasi, tovar-transport yukxati va boshqa hujjatlarni elektron tarzda shakllantirish imkoniyati shular jumlasidandir. Hozirgi paytda yurtimizda 17 ta elektron hisobvaraq-faktura (EHF) operatori xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xizmat koʻrsatyapti.

Sirdaryo viloyatida joriy yil 21-may holatiga roʻyxatdan oʻtgan va soliq toʻlash majburiyatiga ega 12 mingdan ortiq korxonadan 6 ming 216 tasi elektron hisob-fakturalardan foydalangan boʻlib, umumiy korxonalarning 51,8 foizini tashkil etadi.

Elektron hisob fakturalardan (EHF) foydalanmagan 5 ming 791 ta korxonaga soliq organlaridan malakali xodimlar biriktirilgan boʻlib, ularga amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda. Kelgusida mazkur korxonalarning ham toʻliq elektron hisobvaraq fakturalaridan foydalanishini yoʻlga qoʻyish hozirda dolzarb vazifalardandir.

– Elektron hisobvaraq-fakturalaridan foydalanish, ayniqsa, qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari orasida ommalashib bormoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Abror Kenjayev. – Faoliyat yuritayotgan 3 ming 165 ta qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilarining 2 ming 468 tasi yoki 78 foizi elektron hisobvaraq-fakturalaridan foydalanmoqda. Bu esa hujjat aylanishining tezkorligini, soliq hisobotlarini oʻz vaqtida yuborilishini taʼminlashga xizmat qilayotir.

Birgina “Malik sharobsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati aʼzolari tomonidan 2019-yilda 755 ta EHFdan foydalangan holda 31 milliard 20 million soʻmlik hujjatlar almashilgan.

– Joriy yilning 1-may holatiga korxonamiz 245 ta EHFdan foydalanib 16 milliard 160 million soʻmlik hisob-kitoblarni amalga oshirdi, – deydi “Malik sharobsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati hisobchisi Baxtiyor Hakimov. – Mazkur tizimning soliq toʻlovchilarga afzalliklari juda koʻp. Xususan elektron hisob-fakturalar biznes hamkorlar va soliq idoralari bilan shaffof siyosatni olib borishga xizmat qiladi. QQS zanjiri uzilishining oldini olishga yordam beradi. Bu esa qoʻshimcha soliq hisoblanishning eng koʻp tarqalgan sabablari boʻlib, xato va kamchiliklardan maksimal himoya qiladi.

Bugungi kunda viloyatda 6 ming 200 dan ziyod yuridik shaxs va 690 dan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor (YATT)lar hisob-fakturalarning elektron shaklidan foydalanmoqda.

Hozirda 6 ming 910 nafar tadbirkorlik subyektlari tomonidan rasmiylashtirilgan EHFlarning umumiy soni 84 ming 751 tani tashkil etadi. Yana bir muhim jihati, hujjatlar EHF operatorlari orqali rasmiylashtirilgan barcha elektron hujjatlar operatorlarning maʼlumotlar bazasida kamida 5 yil, shuningdek, EHFni markazlashtirilgan holda saqlanishi, operatorlararo uzatilishi va hisobi yuritilishi uchun masʼul rouming operatorida 10 yil davomida xavfsiz saqlanadi.

Zero, soliq tizimida zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanib soliq toʻlovchilarning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash, ularga yaqin va ishonchli koʻmakchi boʻlish davlat soliq xizmati organi xodimlarining ustuvor vazifasi hisoblanadi.

975
A.QAYUMOV, OʻzA