O‘zA O`zbek

10.08.2018 18:30 Chop etish versiyasi

Egasini topolmay sarson bo‘lgan to‘lovlar, qayerdasiz?

Egasini topolmay sarson bo‘lgan to‘lovlar, qayerdasiz?
Oramizda kommunal to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha bir necha yil ilgarilab ketgan iste’molchilar ham bor...

Bugungi kunda xalqimizning aksariyat qismi intizomli ravishda iste’mol qilingan elektr energiyasi, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab bormoqda.Oramizda hattoki, ushbu to‘lovlar bo‘yicha bir necha yil ilgarilab ketgan iste’molchilar ham yo‘q emas. Aholi mazkur to‘lovlarni bank muassasalari, pochta aloqa bo‘limlari, shuningdek, yuqoridagi idoralar qoshida tashkil qilingan maxsus kassalar vositasida amalga oshirib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida“gi qonuni 8-moddasida “Iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni (ish xizmat)ni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish (ish bajarish, xizmat ko‘rsatish) majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar“, deb belgilab qo‘yilgan. Demak, iste’molchi iste’mol qilingan elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi uchun to‘lovni amalga oshirishi bilan u o‘z zimmasidagi majburiyatini ado etmoqda. Qonuniy to‘lov amalga oshirilgan kun, soat, daqiqadan boshlab iste’molchi ko‘nglini to‘q qilsa bo‘ladigandek, go‘yo. Lekin to‘lovni qabul qilib olgan muassasa ishni oxiriga yetkazmagan bo‘lsa-chi?!

Oltiariq tumani “Qiziltepa” mahallasida yashovchi Z.To‘xliyeva ham pensiyasini olish jarayonida kommunal to‘lovlar uchun ma’lum miqdorda pul mablag‘ini to‘lagach, ko‘ngli to‘q yuravergan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tib, negadir elektr energiyadan qarzdorlik yuzaga chiqqan. U holatga o‘z kuchi bilan aniqlik kirita olmagach, yordam so‘rab Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qiladi. Murojaat tegishliligi bo‘yicha Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilishi jarayonida qiziq holatga duch kelindi. Qarangki, iste’molchining iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun o‘z pensiyasidan “O‘zbekiston pochtasi“ Oltiariq tumani Qiziltepa bo‘limi orqali 12.02.2014 sanasida to‘lagan 10000 (o‘n ming) so‘m, 12.12.2015 yil kunida to‘lagan 30000 (o‘ttiz ming) so‘m, 10.03.2017 yil kunida to‘lagan 47750 (qirq yetti ming yetti yuz ellik) so‘m, jami 87750 (sakson yetti ming yetti ellik) so‘m to‘lovlari fuqaroning to‘lov daftarchasiga yuqoridagi idoraning muhri bilan qayd etilgan bo‘lsa-da, negadir uning elektr ta’minoti idorasidagi shaxsiy hisob-raqamiga shu kunga qadar kelib tushmagan.

Ma’lumki, fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish ishlari qonun bilan chegaralab berilgan muddatlarda o‘z nihoyasiga yetkazilishi shart. Shundan kelib chiqib, tuman jamiyati tomonidan ushbu holat yuzasidan qisqa muddatlarda amaliy chora-tadbirlar ko‘rilishi so‘ralib Oltiariq tuman pochta aloqa bo‘limiga 31.07.2018 yil kunida yuborilgan so‘rov xatiga ham shu kunga qadar javob qaytarilgani yo‘q.

Tuman jamiyati tomonidan ushbu holatlar yuzasidan amaliy chora-tadbirlar belgilash, aniqlangan holatni qonuniy ko‘rib chiqish va murojaat muallifiga javob qaytarilishi so‘ralib tashkilotning yuqori turuvchi idorasi – “O‘zbekiston pochtasi“ AJning Farg‘ona filialiga ma’lumotlar kiritildi.

P.S. Fuqaroning murojaatini o‘rganish jarayonida uning tomonidan AT Xalq bankining tuman elektr ta’minoti korxonasi qoshida tashkil qilingan shoxobchasi orqali 31.07.2012 yilda elektr energiyasi uchun to‘lagan 15000 (o‘n besh ming) so‘m to‘lovi ham tuman ET korxonasining umumiy qozoniga tushib, qaynash jarayonida boshqa fuqaroning shaxsiy hisob-raqami tomonidan “iste’mol qilib yuborilganligi“ga guvoh bo‘lib qoldik. Har tugul, bu holat tezdagina bartaraf etilib, iste’molchining huquqi tiklandi.

Odiljon Xolmatov,
Oltiariq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

O`zA
1 990