Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 08:33 Chop etish versiyasi

Eduard Sagalayev: “O‘zbekiston – gullab-yashnayotgan, baxtiyor va juda yorqin mamlakat”

Eduard Sagalayev: “O‘zbekiston – gullab-yashnayotgan, baxtiyor va juda yorqin mamlakat”
Dunyo ahli O‘zbekiston haqida

Rossiya milliy teleradioeshittirishlar uyushmasi prezidenti, Teleeshittirishlar, elektron ommaviy axborot vositalari va internet texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi rahbari, Rossiya televideniyesi akademiyasi a’zosi, taniqli telejurnalist Eduard Mixaylovich Sagalayev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbirining qator savollariga javob berdi.

– Hurmatli Eduard Mixaylovich. Kichik Vataningiz Samarqand, O‘zbekiston zamini va xalqi sizni yaxshi eslaydi va siz bilan faxrlanadi. Aytingchi, O‘zbekiston deganda ko‘z oldingizda nimalar gavdalanadi?

– Meni unutmaganingiz uchun minnatdorman. O‘zbekiston men uchun g‘oyat katta ahamiyatga ega. Eng avvalo, Samarqand, bolaligim va o‘smirligim o‘tgan joylar, mashhur yodgorliklar – Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi va Registon maydoni ko‘z oldimda gavdalanadi.

Men Samarqanddagi o‘rta maktabda, Samarqand davlat universitetida tahsil olganman, viloyat radiosida suxandon bo‘lib ishlaganman. Rus, o‘zbek va tojik tillarida yangragan “Samarqanddan gapiramiz, so‘nggi yangiliklarni tinglang” so‘zlari xotiramda abadiy muhrlanib qolgan.

Taqdirim, qarashlarim, hayotga va do‘stlar tanlashga bo‘lgan munosabatimning shakllanishida o‘zbek, rus, nemis, tojik, arman, polyak va boshqa ko‘plab millatlar do‘stlik va hamjihatlikda istiqomat qiladigan ko‘p millatli Samarqand hayoti, odatda shaharga xos bo‘lgan turli tillarda so‘zlashish benihoya katta iz qoldirgan. Men dunyoda do‘stlikdan qimmatli hech narsa yo‘qligini tushunib yetganman. Samarqandning o‘sha paytdagi rahbarining o‘g‘li, men bilan bir hovlida o‘sgan va bir dasturxon atrofida o‘tirgan do‘stim Tohir Julmatov bilan haligacha muloqot qilib turaman. Bolaligimizda yegan somsa, bo‘g‘irsoq va pirojkalarning isi hanuzgacha dimog‘imda. Bularning barchasi menda o‘zim tug‘ilgan yurt va atrofimdagi insonlarga bo‘lgan muhabbatni shakllantirgan. Men o‘sha paytlarda hatto munosib turmush sharoitlari bo‘lmagan qishloqlarda ham badjahl odamni ko‘rmaganman, bu mening omadim bo‘lsa kerak. Ezgulik, saxiylik, mehmondo‘stlik va samimiylik o‘zbek xalqiga xos fazilatlardandir. O‘zbekistondek benazir yurtda tug‘ilib, ajoyib insonlar orasida voyaga yetganim uchun taqdirdan minnatdorman.

– Xabaringiz bor, bugungi kunda O‘zbekiston rivojlanish bosqichining muhim davrini boshdan kechirmoqda. Mamlakat shiddat bilan o‘zgarmoqda. Kelajakda esa, belgilangan va hozirda amalga oshirilayotgan rejalar samarasida umid qilamizki, bizni yangi istiqbollar kutmoqda. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar haqida qanday fikrdasiz?

– Men O‘zbekistonning rivojlanishini diqqat bilan kuzataman, Toshkent, Samarqand va Jizzaxga tez-tez borib turaman. U yerda yuz berayotgan barcha o‘zgarishlar menda cheksiz faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Qadrdon Samarqandimning o‘zida ko‘plab kollejlarning barpo etilgani mamlakatda yoshlarga yuksak e’tibor ko‘rsatilayotganidan dalolatdir. Yangidan-yangi keng ko‘chalar, mahobatli binolar qad rostlagan. Ba’zan o‘zim bilgan joylarni tanimay, biroz xafa ham bo‘laman, lekin mamlakat shu yo‘sinda taraqqiy etib, olg‘a ildamlab borayotgani menda g‘urur tuyg‘usini uyg‘otadi. Bugungi kunda Samarqandda sayyohlik juda rivojlangan. Bu yerda yapon, xitoy, fransuz, nemis millati vakillarini uchratish mumkin.

Men Islom Abdug‘aniyevich Karimovni shukronalik bilan esga olaman. Biz u kishi bilan har uchrashuvda uzoq suhbatlashardik. Islom Karimovni zukko, uzoqni ko‘radigan, mamlakatni oqilona boshqargan va xalqning yuksak hurmatiga sazovor bo‘lgan inson deb bilaman. Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Birinchi Prezident Islom Karimovning siyosatini davom ettirgan holda, ko‘p jihatdan o‘z yo‘lidan bormoqda.

Konvertatsiyaning ochilishi bu boradagi dadil qadamlardan biri bo‘ldi. Bu O‘zbekistonga yanada jadal rivojlanish, investitsiyalarni jalb etish, erkin bozor yaratish imkonini beradi. Shavkat Miromonovichning chaqirig‘i bilan turli sabablarga ko‘ra mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan ayrim fuqarolar O‘zbekistonga qaytdi. O‘zbekiston Prezidenti yurtni oqilona idora etmoqda, muxoliflardan qo‘rqmagan holda yuzaga kelayotgan barcha masalalarni dadil hal qilmoqda. Faqat kuchli rahbargina shunday yo‘l tuta olishga qodir. U kishi Prezidentlik lavozimiga kelishi bilan O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lidagi shaxdam qadamlarni tashlay boshladi.

Moskvada biz kabi O‘zbekistondan kelganlar oz emas. Teatr, turli ko‘rgazmalarda ishtirok etganimizda uchrashib qolsak, albatta, «Qanday yangiliklar» deya so‘raymiz. O‘zbekistondan kelgan xushxabarlardan quvonamiz. Bunday quvonchli xabarlar keyingi vaqtda juda ko‘paydi. Har kuni qandaydir yangilik yuz bermoqda. Ular oddiy emas va keng doiralarda e’tirof etilmoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Prezidentining BMTda, Ostonadagi Butunjahon ko‘rgazmasidagi nutqlari, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlariga tashriflari. Har kuni – yangi qaror, yangi farmon va yangi loyiha. Bir qarasang, investitsiyalar bo‘yicha yangi vazirlik tashkil etiladi, yana bir ozdan so‘ng maktabgacha ta’lim vazirligi ochiladi. Ayniqsa, aholi turmush darajasini yaxshilash, xususan, pensionerlar, talabalar va davlat xizmatchilarining ish haqi miqdorini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar mamnuniyat bag‘ishlaydi. Prezident ilgari surayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan g‘oya hamma tomonda olqishlanmoqda. Bu ajoyib shior, lo‘nda va adolatli. Qani biror-bir byurokrat yoki mansabdor shaxs buning aksini qilib ko‘rsin-chi.

O‘zbekiston Prezidentining kuch-g‘ayrati, qat’iyati va bir so‘zliligiga tan bermay iloj yo‘q. Uning tashqi siyosiy faoliyati alohida e’tiborga loyiq. Ma’lumki, Toshkent shahrida Afg‘oniston bo‘yicha tashqi ishlar vazirlarining may oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuviga hozirdanoq tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bu o‘n yillardan buyon hal etilmayotgan, o‘ta jiddiy va nozik masaladir. Biz ushbu masala bo‘yicha siljish Toshkent shahrida yuz beradi, deb umid qilamiz.

Ayni paytda Toshkentning markazida 45-50 qavatli binolarga ega bo‘ladigan “Toshkent-siti” xalqaro biznes-markazining qurilish ishlari boshlab yubrilgan. Men Toshkent, Samarqand shaharlarini pastqam uyli paytlarini eslayman. Yaqin kelajakda O‘zbekiston poytaxti dunyoning eng zamonaviy shaharlaridan biriga aylanishiga ishonaman.

Eng asosiysi, bularning barchasi – oddiy mehnatkash insonlar manfaati yo‘lida amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu, albatta, kishini quvontiradi.

– O‘zbekiston – boy mamlakat. Bu yerda paxta ekiladi, gaz, oltin va boshqa ko‘plab metallar qazib olinadi. O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va ahamiyati qay darajada, deb o‘ylaysiz?

O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va ahamiyatini baholash biroz murakkab. Siz to‘g‘ri aytingiz, O‘zbekiston boy, jadal rivojlanayotgan va mustaqil siyosatga ega mamlakat, aynan shu jihatlari bilan u meni o‘ziga jalb qiladi. Ma’lum qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekiston ko‘p davlatlar bilan do‘stona aloqalar yuritadi. Turkiya bilan aloqalar tiklanganidan ham juda xursandman.

Xitoydek kuchli davlat ham O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi, yurtingiz ham ular bilan xuddi shunday munosabatda ekanligi quvonarli hol.

– Zamonaviy O‘zbekistonga bo‘lgan munosabatingiz va uning kelajagi haqida qanday fikrdasiz?

– Men O‘zbekistonni go‘zal va baxtli kelajak kutayotganligiga qat’iy ishonaman. Uning ko‘p asrli tarixi bunga asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbek xalqi hamisha o‘z mustaqilligi uchun kurashgan va ayni paytda bag‘rikenglikni saqlab kelgan, doimo shunday bo‘lib qolishiga ishonaman.

Bugungi kunda O‘zbekiston taraqqiyot va o‘zgarishlar jarayonida o‘zi tanlagan yo‘lidan dadil bormoqda. Mamlakat hali rivojlanishda davom etadi. O‘zbekistonning ayrim fuqarolari Rossiya va boshqa davlatlarda mehnat qilmoqda, bu uning yanada taraqqiy etishida turtki va zamonaviy dunyo haqidagi tasavvurni boyitishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu mamlakat uchun ham, uning xalqi uchun ham birdek foydalidir. Bosib o‘tilgan sinov yo‘llari tufayli O‘zbekistonning ma’naviy kuchi va iqtisodiy quvvati mustahkamlanmoqda. Kelajakda O‘zbekiston gullab-yashnagan, baxtiyor va o‘ta yorqin mamlakat bo‘ladi.

– O‘zbekistonni Rossiya bilan ko‘p rishtalar bog‘laydi. Bugungi kundagi O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarini qanday baholaysiz?

– Darhaqiqat, O‘zbekiston va Rossiyani azaliy do‘stlik va yaqin hamkorlik rishtalari bog‘lab turadi. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib, rivojlanib bormoqda. Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi Islom Karimov yuritgan siyosatdagi izchillikni ko‘rsatdi, ikki tomonlama aloqalarning mustahkamlanishida muhim qadam bo‘ldi.

Moskva shahrida yashab turib, O‘zbekiston Prezidentining Rossiya bilan munosabatlari bo‘yicha yuritayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikdan quvonaman. Kelajakda ham O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib, rivojlanib borishiga, har ikki mamlakat xalqlarini quvontirishiga ishonaman.

– Ma’lumki O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan. Sizningcha, mamlakatning geosiyosiy joylashuvi uning zimmasiga ma’lum majburiyatlar yuklaydimi?

– Albatta, bu borada jiddiy majburiyatlar yuklaydi. Afg‘oniston bilan qo‘shnichiligini misol qilib olaylik. Bu kabi geosiyosiy, geostrategik holat O‘zbekistonni har qanday vaziyat, jumladan, provokatsiya holatlariga ham shay turishga undaydi. Boshqacha aytganda, har xil noxushliklar va kutilmagan holatlarga tayyor turish kerak. Yana bir jihati, bu bir paytning o‘zida tinchliksevarlik va ochiqlik siyosatiga tayanish demakdir, bunda ma’lum qobiliyat, muloqotga tayyorlik, kuchli armiyaga ega bo‘lish zarurdir.

Tangrining o‘zi o‘zbek xalqiga betakror geografik joylashuv, turfa tabiat va madaniyat, barcha tabiiy boyliklarni in’om etgan. O‘zbekiston rahbariyati oqilona siyosat yuritayotgani, mamlakat chegaralari va ichkarisida yuz berayotgan voqealar uchun dunyo ahli oldidagi mas’uliyatini his qilayotganini ko‘rib turibman.

– Hurmatli Eduard Mixaylovich, Siz fan doktori, nazariyotchi va yirik amaliyotchisiz. Aytingchi, sizningcha, O‘zbekiston OAV sohasida hali foydalanilmagan qanday zaxiralar mavjud?

– O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari, xususan, elektron ommaviy axborot vositalari, televideniye haqida ijobiy fikrdaman. Rossiya milliy teleradioeshittirishlar uyushmasi prezidenti sifatida, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi rahbari Firdavs Abduxoliqov bilan tez-tez muloqot qilib turaman. Uni ko‘p yillardan buyon, Samarqanddagi xususiy televideniyeda faoliyat boshlagandan buyon taniyman. Ta’kidlash joizki, bu soha yurtingizda juda yaxshi rivojlangan. Afsuski, Rossiyada ba’zan xususiy televidaniyega bosim o‘tkazilmoqda, ayrim hududiy telekanallar yopilmoqda. O‘zbekistonda ham davlat, ham xususiy televideniye jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Masalan, yaqinda raqamli iqtisodiyot va televideniyeni yanada rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan kongressda O‘zbekistonda televideniyening rivojlanish sur’atlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishtirokchilarda katta taassurot uyg‘otdi. Kelajakda mustaqil O‘zbekiston televideniyesiga yangi auditoriyalar va makonlarni zabt etishda o‘zi tanlagan yo‘lidan dadil borishini tilayman. O‘zbekiston milliy teleradioeshittirishlar sohasida yangi telekanallar, jumladan, Rossiya translatsiya qiladigan kanallarni ochishni rejalashtirayotganidan xabarim bor. Bu borada men soha vakillariga omad tilayman.

– Eduard Mixaylovich, biz sizni ORTning yuksak darajali professional rahbarlaridan biri, Markaziy televideniyedagi yoshlar dasturlari, mashhur “Vzglyad”, “11- etaj” ko‘rsatuvlari, «Vremya» axborot dasturining bosh muharriri, boshqa ko‘plab yoshlar va kattalar uchun mo‘ljallangan dasturlar yaratuvchisi sifatida taniymiz... Shundan kelib chiqqan holda, mavzudan biroz yiroq, biroq dolzarb savolga javob bersangiz... Televideniye sizningcha, ommaviy axborot vositasi, jamiyatni boshqarish vositalaridan biri, san’at turimi yoki biznes?

– Bugun televideniye ko‘z o‘ngimizda o‘zgarayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Afsuski, Rossiyada bu o‘zgarish ijobiy tomonga yuz bermayapti. So‘nggi 20-25 yil ichida san’at sanalgan televideniye tobora mablag‘ga qaram bo‘lib bormoqda. Hozirgi kunda televideniye san’at bo‘lmay qoldi va bu masalada hech kim bahslashishga qodir emas. Zamonaviy televideniye faoliyatini reklamasiz tasavvur qilish qiyin. Ayni paytda Vladimir Jirinovskiy dori vositalari reklamasini taqiqlashga harakat qilmoqda, lekin bu qiyin masala. Davlat Dumasi deputatlari nima deyishmasin, reklamani taqiqlashga da’vat etishmasin, bilamizki, reklama savdoni harakatlantiruvchi kuch bo‘lish bilan birga, televideniyening daromad manbai hamdir. Mamlakat bo‘ylab va xorijda signallarni uzatish, teledasturlar, kinofilmlar ishlab chiqarish uchun esa mablag‘ talab etiladi.

Boshqa tomondan reklamadan kelayotgan daromad televideniyeni ancha o‘zgartirdi. Ilgari televideniye faqat davlat mablag‘i asosida tuzilib, rivojlangan bo‘lsa, bugungi kunda davlat Umumrossiya davlat teleradiokompaniyasi (VGTRK) kompaniyasi, qisman Birinchi kanal, “Kultura” singari telekanallar, Rossiya Jamoat televideniyesini moliyalashtirmoqda, biroq bu mablag‘lar televideniyening faoliyat yuritishi, tomoshabinlar manfaatiga javob berishi uchun yetarli emas. Men televideniyeni juda yaxshi ko‘raman, unga ko‘p kuch-g‘ayratimni sarflaganman, shu bois, faqat ijobiy jihatiga e’tibor qaratishga harakat qilaman, “Golos”, “Luchshe vsex” ko‘rsatuvlari shular jumlasidandir.

Bugungi kunda Rossiyada rus tilidagi kabel va sun’iy yo‘ldosh telekanallarining o‘zi qariyb uch yuzga yaqinni tashkil qiladi. Bu texnologiyalarning rivojlanishi, televideniyening axborotlashuvi samarasidir. Ekranlarda tomoshabin uchun istalgan narsa namoyish etilmoqda. Asosiysi, televideniyeda ham kattalar, ham bolalar uchun tanlash imkoniyati mavjud. Men bu xilma-xillikni juda qadrlayman. Yuksak did sohiblari yovuz kuchlar va salbiy g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaydi.

– Rossiya milliy teleradioeshittirishlar uyushmasi prezidenti, Teleeshittirishlar, elektron ommaviy axborot vositalari va internet texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi rahbari sifatidagi faoliyatingiz haqida so‘zlab bersangiz.

– Bu haqda ko‘p gapirish mumkin, albatta. Qisqacha aytadigan bo‘lsak, biz zamonaviy televideniye va radio texnologiyalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanamiz. Bu teleradio uzatish sohasini raqamlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan muhim vazifadir. Bu jarayon ko‘p yillardan buyon davom etmoqda va shu yili televideniyeni raqamlashtirish ishlari yakunlanadi. Bu borada ulkan ishlar amalga oshirildi, mamlakat bo‘ylab bir necha ming uzatgichlar o‘rnatildi. Endi butun Rossiya 20 dan ortiq kanalni yangi raqamli formatda tomosha qilishi mumkin. Shu paytgacha, faqat uchta kanali bor tumanlar va uch yuz kanalni tomosha qilgan shaharlar bo‘lgan. Shu bois, bu boradagi tengsizlikka barham beriladi. Sun’iy yo‘ldosh televideniyesi ancha rivojlandi va o‘z ko‘rsatuvlarini dunyoning deyarli barcha burchagiga yetkazib bermoqda.

Uyushma va jamg‘armamiz raqamlashtirish jarayonida faol ishtirok etdi, endi biz keyingi – raqamli iqtisodiyot va televideniyening mamlakat hayotidagi ishtirokini rivojlantirish bosqichiga o‘tmoqdamiz. Hal qilinmagan bir necha muammolar ham bor. Bu, avvalo, hozircha faqat kabel orqali rivojlanayotgan hududiy televideniyega taalluqlidir. Biz hududiy televideniyeni saqlab qolishni juda xohlaymiz, zero bu inson ma’naviyatini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Bir necha yildan buyon faoliyat yuritayotgan MAP akademiyasida o‘quv kurslari tashkil qildik. Unda hududiy va federal miqyosdagi oliy toifali jurnalistlar va menejerlar o‘qitiladi, kontentni yaratish bo‘yicha ilg‘or tajribalar o‘rganiladi, turli seminarlar, bolalar televideniyesi uchun festivallar, kabel va sun’iy yo‘ldosh televideniyesi o‘rtasida tanlovlar o‘tkaziladi.

– Eduard Mixaylovich, Stanislav Grof kim? Intervyularingizning birida Siz o‘lgan onangiz bilan so‘zlashganingiz haqida aytib o‘tgansiz. Hindistonda Jidda Krishnamurtining izdoshi Radjish Dalal bilan uchrashgansiz. Islom ta’limoti, ayniqsa, so‘fiylik, induizm, buddizmga qiziqishingiz katta. Internet sahifangizda Sizning o‘zlikni anglash bilan chuqur shug‘ullanishingiz to‘g‘risida yozilgandi. Shu haqida batafsiz ma’lumot bersangiz.

– Bu alohida mavzu bo‘ladigan suhbatdir. Men “Eduard Mixaylovich bilan mistik sayohat” nomli filmlar to‘plamini suratga olganman.

Stanislav Grof – bugungi kunda bir paytlar mashhur bo‘lgan Zigmund Freyd singari taniqli olim. Kelib chiqishi asli Pragalik bo‘lgan, talabalik paytida AQShga ko‘chib ketgan va hanuz shu mamlakatda yashab, faoliyat yuritadi. Grof – zamonamizning kuchli ruhshunosi, insonning oldingi hayoti, tug‘ilish jarayoni va sanasi, jamoaviy ongsizlik holatini hisobga oluvchi transpersonal psixologiya asoschisi hisoblanadi.

Radjish Dalal bilan bo‘lgan uchrashuv ham menda ulkan taassurot qoldirgan. Men ruhning tanani tark etishini boshdan kechirib, klinik o‘lim holatini o‘zimda sinab ko‘rganman. Bu o‘lim emas, men faqat ruhning tanadan ajralib, mustaqil ravishda koinotda sayr qilish holatini his etganman. U yerda onamni ko‘rganman, onam menga qo‘rqmasligimni, hammasi joyida ekanligini aytgan, bu holatni ifodalashga til ojiz.

Taqdir meni uchrashtirgan barcha insonlardan minnatdorman. Men o‘zim, hayotim, Xudo, Uni sevish, anglash va harchand mukammal bo‘lmasin, Unga yetishish haqida ko‘p narsa o‘rgandim.

O‘smirligimda Samarqand ko‘chalarida darveshlarni uchratganman va ularning aslida kim ekani bilan qiziqqanman. Keyinchalik ushbu ta’limot bilan jiddiy shug‘ullandim, alalxusus, buning aql va mistik tajribaning ulkan xazinasi ekanini anglab yetdim. So‘fiylik va islom Yaratganning irodasi tufayligina mavjud. So‘fiylar raqsi, she’riyati, musiqasi hayratga soladi va albatta hammasidan ham ko‘proq men hayot falsafasi va Xudoga, insonlarga munosabatga ko‘proq qiziqaman. Bular hayotda qanday yashash kerakligiga yorqin misoldir.

Shuningdek, pravoslav ta’limotiga ham qiziqishim katta. Suratga olgan filmlarimdan biri – Optina sahrosi haqida bo‘lib, keksa pravoslavlar – avliyolar hayotiga bag‘ishlanadi. Barcha dinlarga yuksak hurmat nazari bilan qarayman, ularda hayotbaxsh kuch borligiga amin bo‘laman.

– Suhbatimiz so‘ngida, Eduard Mixaylovich, yuksak nazariy bilimlar va amaliy tajriba sohibi sifatida hayotda Siz uchun nima muhim, deb hisoblaysiz?

– O‘zimga-o‘zim “Biz kimmiz, qayerdan kelganmiz va qayerga yo‘l olmoqdamiz?”, – degan mutlaqo falsafiy savolni beraman. Mening yoshimda faqat Xudoga oid savollargina javobsiz qolgan. Qolgan barcha savollarga javobim bor. U savollar yer yuzidagi odamlar o‘ziga beradigan abadiy savollardek qiziqarli deb o‘ylamayman.

Irismat Abduxoliqov, O‘zA
11 131