Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2017 17:45 Chop etish versiyasi

E’zoz va ehtirom sizga, askar onalari

E’zoz va ehtirom sizga, askar onalari O‘g‘lim Mirzoulug‘bek Mingboyev Toshkent viloyatining Zangiota tumanida harbiy xizmatni o‘tamoqda. U jangovar tayyorgarlikda tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani uchun harbiy qism rahbariyati tomonidan bizga tashakkurnoma kelganida xursandchilikdan boshimiz ko‘kka yetdi, qalbimiz g‘ururga to‘ldi. Ota-ona uchun farzandi ortidan kelgan rahmatdan yuksakroq mukofot yo‘q.

Bu Namangan viloyati hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan “Askar onalarini sharaflaymiz!” nomli tadbirda ishtirok etgan O.Tojiyevaning so‘zlari.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarning onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi H.Yusupova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari J.Boqiyev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barpo etilgan professional milliy armiyamiz sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz tinchligini ishonchli ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda Vatan himoyachisidek yuksak mas’uliyatni munosib ado etishga qodir mard va jasur farzandlarni tarbiyalash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini kamol toptirishda fidoyilik ko‘rsatayotgan askarlarning onalariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda bir guruh askar onalari Namanganda va qo‘shni viloyatlarda yigitlik burchini sharaf bilan o‘tayotgan dilbandlari bilan diydorlashdi. Askar onalari M.Dadajonova, S.Tojiboyeva, N.Bobonazarova ko‘rsatilgan e’zoz va ehtirom uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Viloyat san’atkorlari ijrosidagi Vatan, mustaqillik, tinchlik va ezgulikni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
930