O‘zA O`zbek

29.08.2018 13:38 Chop etish versiyasi

Eʼtirof – ulkan baxt

Eʼtirof – ulkan baxt

Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik toʻyini nishonlash arafasida bayram shukuhini, uning tarovatini ikki karra his qilib turibman...

Ertalabdan telefon jiringladi. Javob berdim. Qadrdon ukamiz salom-alikni ham oxiriga yetkazmay:

– Aka “Shuhrat” medali muborak boʻlsin, – dedi.

Bu xushxabarni eshitgach, hayajonim chandon oshdi...

Bugun Oʻzbekiston keng imkoniyatlar diyoriga aylandi. Shu yurtda tugʻilib, xalq xizmatida boʻlish baxti nasib etganiga shukr qilamiz.

Ochiq aytish kerak, dunyoda gʻoyalar toʻqnashuvi, turli illatlar avj olgan bir paytda tinchlikni saqlash, millatlararo doʻstlikni mustahkamlash, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, eng muhimi islohotlarimizga daxldorlik hissi bilan yashamoq har birimizdan fidoyilikni, katta jasoratni talab qiladi.

Mustaqil taraqqiyot yillarida misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdik. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda yangi taraqqiyot davri boshlandi. Xalqimiz turmushi farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlarimiz mevasini koʻrayapmiz. Bosh maqsadimiz esa Prezidentimiz aytganidek, odamlarni rozi qilish.

Bu yoʻlda eng ishonchli va taʼsirchan vosita, avvalo, maʼnaviyatdir. Zero, maʼnaviyati yuksak xalqgina yuksak marralarga erishadi. Qalb va ruh tantanasi hukmron dillar faqat ezgu ishlarga qoʻl uradi. Shu maʼnoda bugun mamlakatimizda maʼnaviy yuksalishga, yoshlar kitobxonligiga, taʼlim-tarbiyaga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Mustaqillik bayramimiz arafasida bu jihatlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu bayram barchamiz uchun eng aziz, eng ulugʻdir. Bu kunlarda erishgan yutuqlarimizni sarhisob qilamiz, koʻp ezgu rejalar tuzamiz, mehnatlarimiz samarasini koʻramiz...

Bayram arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim menga yanada kuch-gʻayrat, joʻshqinlik bagʻishladi. Maqsadimiz bir – Vatanimiz, aziz hamyurtlarimiz farovon hayoti, farzandlarimiz baxtu kamoli uchun yashamoq.

Irgash Daminov,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi boʻlim boshligʻi,
“Shuhrat” medali sohibi.

OʻzA
2 277