O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Eʼtirof

Eʼtirof

Dunyo anjumanlarida Oʻzbek soʻzlari yangramoqda. Millatimiz manfaatlari har qanday ustuvorlikdan ustunligini muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev janobi oliylari eng yuksak minbardan turib “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdim deganlarini eshitganimda goʻyoki qalbimdagi oʻttiz yillik gʻuborim chiqib, orzularim ushalganday boʻldi.

1991-yil 17-sentyabrda “Sport” gazetasida bir maqolam bilan chiqqan edim. “Oʻz tilimiz, Oʻz kurashimiz bor”. Bu maqola orqali Oʻzbek kurash qoidalarini xalqimizga eʼlon qilib, hakamlar boshqaruviga sof oʻzbek soʻzlari kiritilgani yozilgan edi. “Kurash”, “Oʻrtaga”, “Taʼzim”, “Bekor”, “Halol”, “Yonbosh”, “Chala”, “Tanbeh”, “Dakki”, “Gʻirrom”, “Toʻxta”, “Vaqt” kabi sof oʻzbekona soʻzlarimizni millati, tili, dini va kelib chiqishidan qatʼiy nazar 130 dan ortiq davlatlarning kurash vakillari 20 yildan beri deyarli xar kuni sevib qoʻllab kelmoqda. Kurashimiz dunyo sahnasiga chiqib, Osiyo oʻyinlaridek dunyo sport anjumanlarida Oʻzbek soʻzlari yangramoqda.

Ona tilimiz ona vatanimizdek beqiyos va muqaddasligini har bir millatsevar Muhtaram Prezidentimizning soʻzlarini betakror saroyda eshitganlarida, ularning koʻzlaridagi quvonch yoshlarini koʻrdim. Imonim komilki zurriyodlarimiz xur deb shu til uchun jonini baxshida etgan bobokalonlarimiz ruhlari Oʻzbekistonimizga nurlar yogʻdirgan boʻlsa, ne ajab. Albatta men ham shu millatning bir oddiy fuqarosi sifatida Oʻzbek soʻzlarini kurash qoidalariga kiritib boshqa millatlar esa tilimizni sevib oʻrganayotgan kunlarni koʻrish nasib qilgani uchun, tarixiy farmonga imzo chekkan muhtaram Prezidentimga va yaratganga shukronalar aytaman.

Komil YUSUPOV,
Xalqaro kurash qoidalari muallifi.

1 078
OʻzA