Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 20:52 Chop etish versiyasi

"Yosh oilalar va qizlar" birinchi respublika forumi 8-avgustdan 12-avgustga qadar davom etadi

Uyushmagan yoshlar, ayniqsa, yosh oilalar, qizlarning orzu-intilishlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, ularga hayotda o‘z o‘rnini topishga yaqindan ko‘maklashish, turli illatlardan o‘z vaqtida ogoh etish, jamiyat, Vatan oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi hamda 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilishi rejalashtirilgan loyiha – "Yosh oilalar va qizlar" birinchi respublika forumi aynan uyushmagan yoshlarning orzu-intilishlarini o‘rganish, ularni oilaga, jamiyatga munosib insonlar etib kamolga yetkazishga munosib hissa qo‘shishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.

Ushbu jamoat tashkilotida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida 8-avgustdan 12-avgustga qadar davom etuvchi mazkur ijtimoiy-ma’rifiy haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad, uning doirasidagi tadbirlarning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati – yigit-qizlarning barcha qatlamlarini qamrab olishi bilan ahamiyatlidir. "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida o‘tkaziladigan ushbu forum hafta davomida quyidagi tadbirlarning bosqichma-bosqichligida tashkil etiladi. Singapur menejmentni rivojlantirish instituti binosida tashkil etiladigan "Men ham yetakchi bo‘laman!" mavzuidagi ma’rifiy uchrashuvda senatorlar, deputatlar, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar ayollarning qizlar bilan jonli muloqoti ko‘zda tutilgan. Muloqot chog‘ida qizlarga hayotda o‘z o‘rnini topish, yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, kasbga sadoqat, fidoyilik haqida atroflicha ma’lumot beriladi.

"Fan-ta’lim – kelajak poydevori" mavzuidagi davra suhbatida esa yurtimizda ta’lim, ilm-fan sohasi, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy izlanishlar olib borish, yosh olim va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi yangiliklar muhokama markazida bo‘ladi. "Oilam kitob o‘qiydi" aksiyasi davomida mamlakatimiz nashriyotlarida keyingi yillarda chop etilgan eng mukammal adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. "Sog‘lom turmush tarzi" aksiyasi mobaynida suzish bo‘yicha musobaqalar, tibbiy madaniyatni yuksaltirish, to‘g‘ri ovqatlanishga oid seminarlar tashkil etiladi. Forumning yakuniy bosqichida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan "Yosh oilalar va qizlar bilan ishlash bo‘yicha strategiyasi" taqdimoti ham ko‘zda tutilgan. Ayni paytda kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini egallash bo‘yicha mahorat saboqlari, to‘y-hashamlarni isrofgarchiliklarsiz o‘tkazishga oid tadbirlar, "Qizlarjon" klubining ochilishi, "Internetdagi tahdidlardan himoya" kitobining taqdimoti ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 254






Все о погоде - Pogoda.uz