Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 14:49 Chop etish versiyasi

E’tibor va mukofot – ijodga rag‘bat

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar madaniy-ma’naviy hayotimiz, xususan, badiiy ijod sohasida ham o‘z ifodasini topayotir. An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovi Jizzax viloyati bosqichi ishtirokchilarining bu yilgi ijodiy ishlarida ham xalqimiz ongu shuuri, tafakkurida yuz bergan ulkan o‘zgarishlar yaqqol namoyon bo‘ldi.

Prezidentimizning 2017-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida tashkil etilgan tanlovda viloyat ijodkorlarining 400 ga yaqin ijodiy ishi ko‘rib chiqildi.

Tadbir davomida tashkilotchilardan biriga “Ushbu ko‘rik-tanlovning o‘tgan yilgilaridan farqi nimada?” degan odatdagi savol bilan murojaat qilib, noodatiy javob oldik.

– Eng katta yangilik shoir Ergash Muhammadning tanlovda ishtirok etishi bo‘ldi, – deydi Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi raisi E.Shermonov. – Shoirning “Men tug‘ilgan uy” she’riy to‘plamiga yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin berildi. Muallifni yaqindan bilganlar keyingi yillarda matbuotda ham, ijodiy uchrashuvlarda ham ko‘rinish bermay qo‘ygan shoirning tanlovda ishtiroki va g‘olib bo‘lishini yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarga, ayniqsa, ijod ahli befarq emasligining yana bir dalili sifatida qabul qildi.

O‘tgan asrning 70-80-yillari she’riyatining faol vakillaridan biri Ergash Muhammad qator asarlar muallifidir. Ko‘p yillardan buyon fermerlik qilayotgan shoirning kattagina tanaffusdan so‘ng adabiyot maydoniga yangi asar bilan qaytishi she’riyat muxlislariga yaxshi sovg‘a bo‘ldi.

Shoirning G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan "Men tug‘ilgan uy" kitobiga kiritilgan she’rlarda mustaqillik, Vatan, tinchlik mavzulari, yurtimizda, odamlar hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar o‘ziga xos uslub va tilda bayon etilgan.

– Mamlakatimizda asrlarga tatigulik tarixiy voqealar kechayotir, – deydi Ergash Muhammad. – Ayniqsa, davlatimiz rahbari yaqinda ijodkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida adabiyot, jurnalistika, madaniyat va san’atning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatiga yuksak baho berib, sohadagi kamchilik va muammolarni ro‘y-rost o‘rtaga tashlagani barchamizni sergaklantirib, Vatan va xalq oldidagi burchimizni chuqur his etishga undadi. Barcha sohalarda erishilayotgan ulkan yutuqlar, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalayotgani, shahar va qishloqlarimiz obod bo‘lib, aholi turmush darajasi oshib borayotgani biz, ijod ahliga yanada ilhom bag‘ishladi. Bunday holatda bir chetda tomoshabin bo‘lib turishga vijdon yo‘l qo‘ymaydi.  

Badiiy asarlar nominatsiyasida shoir Ergash Muhammad, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari bo‘yicha “Jizzax haqiqati” gazetasi muxbiri Muqaddas Safarova, televideniye va radio ijodkorlarining eng sara materiallari yo‘nalishida viloyat teleradiokompaniyasi muxbiri Shahzoda Norqulova, tasviriy san’at, foto va dizayn nominatsiyasida Jizzax san’at kolleji o‘quvchisi Artyom Xolov, kino san’ati asarlari nominatsiyasida viloyat teleradiokompaniyasi muxbiri Shahnoza Norboyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 431






Все о погоде - Pogoda.uz