O‘zA O`zbek

23.08.2018 10:31 Chop etish versiyasi

Eʻtibor va eʻzozdan aholi mamnun

Eʻtibor va eʻzozdan aholi mamnun
Istiqlol yillari xalqimiz uchun chinakam maʻnaviy tiklanish va yuksalish davri boʻldi. Bebaho merosimiz, dinu diyonatimiz, qadimiy urf-odat va anʻanalarimiz qayta tiklandi.

Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori buning yana bir hayotiy ifodasidir. Hayit – ezgu amallar ayyomi. Uni oʻzaro mehr-oqibat, bagʻrikenglik va saxovat ruhida kutib olish va nishonlashda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.

Ushbu ayyomning mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida nishonlanayotgani, bu ikki ulugʻ bayramning shukronasi yurtdoshlarimiz yuz-koʻzlaridagi kulgu, shodonlik va yuqori kayfiyatida namoyon boʻlmoqda.“Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Beshkapa” mahalla ahli ham hayitni munosib kutib oldi. Ular shu kunlarda mustaqillik, uning neʻmatlari, hayitning xalqimiz maʻnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini tushuntirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni istiqlol gʻoyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan targʻibot tadbirlarini oʻtkazdi.

Qurbon hayiti arafasida mahalla hududi va hududdagi “Toʻra buva” jomeʻ masjidi, “Yalangʻoch-1”qabristoni atrofi obodonlashtirilib, tozalash ishlari olib borildi. Unda atrofdagi olti mahalla fuqarolar yigʻini faollari, yoshlar ishtirok etdi. Hayit kunlarida kam taʻminlangan oilalar vakillari, boquvchisini yoʻqotgan va yakka-yolgʻiz fuqarolarga moddiy yordam koʻrsatildi.

Ulugʻ ayyom kunlarida tabarruk yoshli otaxon va onaxonlar ziyorat qilinib, duosi olindi. Bunda yoshlar ham faol ishtirok etdi. Bayram munosabati bilan mahalla ahli imkoniyati cheklangan oilalar yashayotgan uylarni taʻmirlashga yaqindan koʻmak berdi. Bu xalqimizga xos boʻlgan azaliy anʻanalarning yorqin ifodasidir.

– Koʻplab millat vakillari istiqomat qilayotgan uch yarim ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiluvchi mahallamizda bayramni tinch va osoyishta oʻtishini taʻminlash, ogoh boʻlishga eʻtibor qaratyapmiz, – deydi mazkur mahalla oqsoqoli vazifasini bajaruvchi Ahmad Kabirov. – Shu kunlarda yoshi ulugʻ, yolgʻiz kishilar, bemorlar holidan xabar olinib, ularga dori-darmon va tibbiyot vositalari, sovgʻalar topshirilmoqda. Barcha koʻcha, maydon va hovlilar saranjom-sarishta qilindi.

Bayram arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak koʻrsatish barobarida, Yusuf Xushnazarov, Hamidulla Tolipov va Aleksandr Mishyaninga aravacha ham topshirildi. Bu eʻtibor ularning harakatlanishi uchun yanada qulaylik yaratadi.

– Mahalladoshlarim nafaqat ulugʻ ayyom kunlarida, balki doimo holimdan xabar olib turishadi, – deydi Yusuf ota. – Shunday mehr-eʻtibor bois shukrona bilan umr kechiryapman.

Aslida tinch, toʻkin va farovon elga bayramlar, toʻylar yarashadi, yaxshi kunlar tatiydi. Xalqimiz Qurbon hayitini ezgu amallar va koʻtarinki ruh bilan kutib olayotgani ham yurtimizning tinchligi, osmonimiz musaffoligi, dasturxonimiz toʻkinligidandir. Nuroniy otaxon va onaxonlar duoga qoʻl ochib, bugungi saodatli kunlarimizga, tinch, osoyishta va farovon hayotimizga shukronalar aytib, xonadonlarga fayz-baraka tilamoqda. Yurtdoshlarimiz oʻz oilasi, mahallasi, el-yurti ravnaqi uchun sidqidildan xizmat qilayotir. Bu esa ulugʻ kunlarning yanada fayzli oʻtishi, ziyoda boʻlishiga – xalqimizning ezgu amallari yanada bardavom boʻlishiga umid va ishonch bagʻishlaydi.

Barno Meliqulova, OʻzA
2 617