O‘zA O`zbek

13.10.2019 Chop etish versiyasi

DXX muqaddas Qurʼon kitobining nodir nusxasini mamlakatimizdan olib chiqib ketilishiga chek qoʻydi

DXX muqaddas Qurʼon kitobining nodir nusxasini mamlakatimizdan olib chiqib ketilishiga chek qoʻydi

Davlat xavfsizlik xizmati Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, muqaddas Qurʼon kitobining noyob nusxasini qirgʻizistonlik fuqaroga 150 ming AQSH dollariga sotishga uringan shaxslar qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, mazkur qadimiy, noyob kitob Buxoro shahrida yashovchi 49 yoshli Farrux Sharapov tomonidan Fargʻona viloyatiga sotish maqsadida olib kelinadi. Dastlab u Qoʻqon shahrida yashovchi tanishi Abdumalik Qosimov bilan uchrashib, unga oʻz rejasini aytadi.

Keyinroq ular qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasidan xaridor topishadi va Fargʻona viloyatining “Chimyon” qishlogʻida u bilan koʻrishishadi.

Kelishuvga asosan, Farrux Sharapov 150 ming AQSH dollarini olganidan soʻng, kitobni Oʻzbekiston chegarasidan aylanma yoʻllar orqali Qirgʻizistonga oʻtkazib berishi kerak boʻlgan.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining ekspertiza xulosasiga koʻra, XVI asrda qoʻlyozma shaklida bitilgan ushbu “Qurʼoni Karim” usta xattot Mulla Yusuf Saxxof tomonidan kitob shakliga keltirilgan va taxminan XIX asr oxiri XX asr boshlarida qayta restavratsiya qilingan.

Mutaxassislar fikricha, Samarqand hattotlik maktabi uslubida yozilgan, qariyb 5 asrlik tarixga ega, sahifalariga oltin suvi yuritilgan, benazir, qoʻlyozma kitobning taxminiy qiymati 1 milliard 880 million soʻmga teng.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Tarixiy, ilmiy va badiiy qiymatga ega boʻlganligi bois, ushbu nodir Qurʼon kitobi respublikamiz hududidan olib chiqib ketilishi taʼqiqlangan kitoblar sirasiga kiradi va endilikda u Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga topshiriladi.

1 503
O'zA