O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

DXX “jihodchilar” guruhlari faoliyatiga chek qoʻydi

DXX “jihodchilar” guruhlari faoliyatiga chek qoʻydi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida oʻtkazgan tezkor tadbirlari natijasida jami aʼzolari 25 nafar boʻlgan ikkita yashirin “jihodchilar” guruhi faoliyatiga chek qoʻyildi.

Guruhlarning biri 2019-yilning may oyida tashkil etilib, unga yetakchilik qilgan shaxs oʻtgan yilning noyabr oyida Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qoʻshilgan.

Ikkinchi guruh esa muqaddam ekstremizm va terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini oʻtab chiqqan fuqaro tomonidan tuzilgan.

Dastlabki surishtiruv jarayonlarida maʼlum boʻlishicha, birinchi guruh aʼzolarining aksariyati hozirda Suriyadagi jangarilar safida boʻlgan oʻz yetakchisi bilan internet orqali muntazam ravishda aloqa qilib turgan.

Oʻzaro yigʻinlarda guruhlar aʼzolari diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar gʻoyaviy rahnamolarining, jumladan, “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning “hijrat” va “jihod” qilish toʻgʻrisidagi audio-video maʼruzalari hamda daʼvatlarini tinglab, “Jihodchilar” oqimi gʻoyalarini oʻz atrofidagilarga targʻib qilib kelishgan.

1968-2002-yillar oraligʻida tugʻilgan mazkur shaxslarning 3 nafari avval ekstremizm va terrorizm bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan boʻlsalarda, qilmishlaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.

Taʼkidlash lozimki, mazkur guruhlar aʼzolari orasida xususiy nashriyot rahbari, tibbiyot xodimi, arab tili kursi oʻqituvchisi, umumiy ovqatlanish muassasalari ishchilari va tijorat ishlari bilan shugʻullanuvchi shaxslar bor.

Har ikki guruh aʼzolarining yashash manzillarida oʻtkazilgan tintuv tadbirlari davomida 200 dan ortiq norasmiy diniy adabiyotlar va varaqalar, shuningdek, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon, flesh-karta va DVD disklar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan maʼlumotlarni ekspertizadan oʻtkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu oʻrinda eslatib oʻtish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudining qarori hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning xulosalariga koʻra “Abu Saloh”, “Abdulloh Zufar”, “Sodiq Samarqandiy”larning maʼruzalari aqidaparstlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligi va mamlakatimizdagi konstitutsion tuzumni qonunga xilof tarzda oʻzgartirishga qaratilganligi bois, ularni respublikamiz hududiga olib kirish, saqlash va tarqatish taqiqlanadi hamda Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

1 834
O'zA