O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

DXX 600 ming AQSh dollarining xorijga noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘ydi

DXX 600 ming AQSh dollarining xorijga noqonuniy olib chiqilishiga chek qo‘ydi

Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan valyuta qimmatliklarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish tadbiri davomida “Namangan – Kosonsoy” yo‘nalishida harakatlanayotgan 40 yoshli Ne’matullo Vohidov boshqaruvidagi “Kaptiva” rusumli avtomashina “Gurmiron” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida to‘xtatildi. Avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salon qismida 605 ming 136 AQSh dollari borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, muqaddam sudlangan Ne’matullo Vohidov Toshkent shahri va Namangan viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolardan olgan ushbu xorijiy valyutalarni ma’lum miqdordagi foiz hisobida haq olish evaziga Kosonsoy tumanidagi aylanma yo‘llar orqali bojxona nazoratini chetlab o‘tib, Qirg‘iziston Respublikasida yashovchi “Ilyos” ismli shaxsga yetkazib berishi kerak bo‘lgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan DXX Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu ishga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

478
O‘zA