O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Dunyoning qay burchagida boʻlmang, Oʻzbekistonning bir parchasini uchratish mumkin

Dunyoning qay burchagida boʻlmang, Oʻzbekistonning bir parchasini uchratish mumkin

Dunyoning qaysi burchagida boʻlmang bugun Oʻzbekistonning bir parchasini uchratish mumkin. Oʻzbek brendi boʻlgan – milliy taomlar oshxonasiga oshiq boʻlmagan odamni topish mushkul.

Toshkentdan minglab chaqirim olisda boʻlgan Qozogʻistonning Aktau shahrida ham Toshkent “toʻy oshi” juda mashhur ekan. Shu va boshqa milliy taomlarni taqdim etuvchi “Samarqand”, “Assalom”, “Karvon” kabi restoranlarga tashrif buyurishni shu yerda yashovchi oʻzbekistonliklar, mahalliy aholi juda xush koʻrar ekan.

Aktauda Oʻzbekistonning bosh konsulligi ochilgani oʻzbek madaniyati bu shaharda rivoj topishiga yoʻl ochmoqda. Bu restoranlar faqat taom tortiq qiluvchi emas, balki milliy madaniyat oʻchogʻi hamdir.

Aytaylik, shahar markazidagi“Samarqand” restoraniga atlas nusxa naqshlar koʻrk berib turibdi. Alohida zallarga tarixiy shaharlarimiz nomi qoʻyilgan. Masalan, “Xiva” zalida Xorazm vohasiga taalluqli buyumlar va rasmlar, “Buxoro”, “Toshkent” zallarida ham ana shunday oʻziga xoslikni koʻrish mumkin.

Oʻzbekistonlik tadbirkorlar ochgan bu restoranda asosan oʻzbek yigit va qizlari xizmat koʻrsatadi.

Assalomu alaykum, paxta gulli piyoladagi koʻk choy, yoqimli ishtaha, yayrab pishgan mayizli, qazili osh... Bularning bari ona yurtimizning totli nafasi!

- “Samarqand”ga doʻstlarim bilan kelib turaman, - deydi Shirin Budasheva. – Bu yerda Oʻzbekiston ob-havosini his qilib, yayraydi odam. Asli Xorazm viloyatining Urganch shahrida tugʻilib-oʻsganman. Taqdir taqozosi bilan shu yerda istiqomat qilaman. Aslida Xorazmda bu yerdagidan koʻra kamroq yashaganman, biroq baribir Oʻzbekiston kindik qonim toʻkilgan muqaddas tuproq. Bu tuygʻu yurakning toʻrida yashaydi. Uni hech narsa, hech qachon oʻchirib tashlay olmaydi. Bu tuygʻu esa vaqti-vaqti bilan qalbda cheksiz sogʻinchni uygʻotadi. Shunday kezlarda “Samarqand” kabi restoranlarga borganda, koʻngil taskin topadi. Ilgari bu kabi muassasalar deyarli yoʻq edi. Hozir rivoj topayotgani bizni quvontiradi.

Yaqin kunlarda xorazmlik sanʼatkorlarning konsert dasturi tashkil qilinayotgan ekan. Biz shu tadbirni ham intiq kutyapmiz. Bu Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlarining hamkorligi rivojlanayotganidan darak beradi. Buning uchun ikki davlat Prezidentlaridan juda minnatdormiz.

Xorijiy davlatlarda milliy madaniyatni saqlovchi yana shunday bir tizim borki, bu – diasporalarni shakllantirishdir. Aktauda “Oʻzbek diasporasi”, “Qoraqalpoq diasporasi” shakllantirilgan va rivojlantirilmoqda.

Oʻzbekistonning Aktaudagi bosh konsuli Nodir Turgʻunovning aytishicha, diasporalar mavjud boʻlgani bilan amaliy ishlar hali qilinmagan edi. Ularning rahbarlari bilan uchrashib, hududda yashovchi oʻzbekistonliklarni birlashtirish, birgalikda turli tadbirlar tashkil etishga harakat qilyapmiz. Aktauda konsullik ochilgan kun – 2019-yil 1-sentyabr kuni nafaqat ochilish marosimi, balki Mustaqillik kuni ham keng nishonlandi. Shu kunlarda 21-oktyabr – oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni nishonlash boʻyicha tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

“Oʻzbek diasporasi” tuzilmasida faol ishtirok etayotgan qoraqalpogʻistonlik Olloyor Matniyozovdir.

Uning xonadonida boʻlib, yashash sharoiti bilan tanishdik. 36 yildan beri shu shaharda istiqomat qilayotgan Olloyor aka bu yerda qozoq ayolga uylangan, qozoq korxonasida mehnat qiladi, qoʻshnilari ham qozoqlar boʻlsa ham ona tilini unutmagan ekan. Shunisi bizni juda quvontirdi!

Zamonaviy qilib taʼmirlangan batartib xonadonda “keling, toʻrga oʻting”, degan oʻzbekona lutf bor.

Olloyor akaning aytishicha, Aktuda yangi konsullik ochilgani oʻzbekistonliklar uchun togʻdek suyanchiq paydo qilgan. Musofirda yurib ishlab yurganlar uchun bunday suyanadigan manba juda muhim. Hamyurtlarimiz har xil vaziyatlarga tushib turadi. Shunday paytda konsullik xodimlari qonuniy yoʻl-yoʻriqlarni koʻrsatib yuborishi ham katta gap. Diasporamiz yigʻinlari, oʻzaro yordamga asoslangan xayriya aksiyalari uyushtirilayotgani birdamligimizga xizmat qilmoqda.

Ha, qayerda boʻlmaylik, oʻzbekistonlik ekanimizni unutmasak, milliy oʻziga xosliklarni saqlasang va targʻib qilsak, bu Oʻzbekistonning boqiyligi nishonasidir!

1 932
Norgul Abduraimova, Qozogʻiston-Aktau, OʻzA