O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Dunyoning nufuzli mingta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatiga kiritiladi

Dunyoning nufuzli mingta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatiga kiritiladi

Joriy yil 19 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror fan, ta’lim va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasi, kadrlar tayyorlashda agrar soha tarmoqlari bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini targ‘ib va joriy qilish tizimini tubdan takomillashtirishni ko‘zda tutadi.

Mazkur qarorga binoan Toshkent davlat agrar universiteti va uning filiallarida qishloq xo‘jaligi ta’limi va ilm-fanini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida universitet va uning filiallari axborot-maslahat markazlari (extension center) orqali qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi tizimli muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha “axborot – maslahat markazi – kafedra – qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi” tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinov tariqasida universitetning O‘simliklar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari karantini bakalavriat ta’lim yo‘nalishida ta’limning kredit tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, universitet va uning filiallarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yangi 12 ta bakalavr va 12 ta magistratura mutaxassislik yo‘nalishlari ochiladi. Universitet qoshidagi Qibray akademik litseyi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilayotgan kasb-hunar kollejlari negizida oliy maktablar tashkil etiladi.

2020 yil 1 avgustga qadar oliy maktab bitiruvchilari uchun bakalavriatning 3 yillik maxsus ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi. Oliy maktabda o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi darajasida kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi va kichik bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy etiladi.

Kichik bakalavr ta’lim dasturi bitiruvchilari 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab mos bakalavr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kirish sinovlarisiz suhbat orqali universitet va uning filiallariga bakalavrlar tayyorlashning maxsus 3 yillik dasturi bo‘yicha o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur qarorda Toshkent davlat agrar universiteti uch oy muddatda universitetni 2025 yilga qadar dunyoning nufuzli 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxati (QS reyting tizimi)ga kiritish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishi hamda tasdiqlash uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim etishi belgilandi.

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta’lim muassasalari reytingidagi ro‘yxatlariga kirish uchun oliy o‘quv yurtida ta’lim sifati xalqaro talablarga javob berishi zarur.

Farrux JO‘RAEV,
O‘zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi mas’ul xodimi.

1 704
O‘zA