O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Dunyoni “titratgan” virus

Dunyoni “titratgan” virus

Koronavirus mavzusi hamon “moda”da

Kishilik tarixidan juda koʻp yuqumli kasalliklar, epidemiyalar fanga maʼlum. Jahon xalqlari oʻlat, vabo kabi qirgʻinbarotlarni ham sabr bilan yengib oʻtgan, chora topgan. Bir qator kasalliklar vaqt silsilasidan oʻtgan sayin unga davo topilib, turli vaksinalar ishlab chiqilgan. Biroq bugungi dunyo manzarasi koronavirus atalmish pandemiya bilan chalkashib ketdi. Jahon ommaviy axborot vositalarining bosh mavzusi har kuni ushbu “qotil” virus bilan bong urmoqda. Dunyoni titratib, zabtiga olgan koronavirus mavzusi hamon “moda”da.

Xitoylik mutaxassislar virus odamdan odamga havo orqali oʻtishini tasdiqlashdi. Bemorlarga xizmat koʻsatayotgan tibbiyot xodimlarining mazkur virus bilan xastalanganligi ham uning yuqumli ekanligini isbotladi.

Ayni paytda virus bilan xastalangan bemorlar soni kun sayin oshmoqda. Bugungi kunga kelib u 200 ta mamlakatda tarqaldi. Dunyo boʻyicha kasallanganlar soni esa 417 ming nafardan oshdi, 18605 oʻlim holati qayd etildi. Ayniqsa, Italiya davlatida oʻlim holati boʻyicha yuqori koʻrsatkich qayd etilmoqda: 6820 nafardan ziyod inson “qotil virus” qurboni boʻldi.

108 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Epidemiya keng tarqalganligi sababli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti uni pandemiya (yuqumli kasallikning bir mamlakat, bir necha mamlakat, qitʼa yoki kontinentda tarqalishi) deb eʼlon qildi. Afsuski, bu yuqumli kasallik mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi.

Vaziyat toʻgʻri baholandi

Vaziyat oldindan toʻgʻri baholanib, Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, maxsus komissiya tuzildi. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida virusga qarshi mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, joriy holat, virusga chalingan fuqaro va karantinga olingan shaxslar hamda aniq rejalar aytildi. Jumladan, barcha taʼlim muassasalarida taʼtil eʼlon qilindi. Talabalar markazlashgan holda uylariga joʻnatildi. Har bir hududda hokimliklar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari, ommaviy tadbirlar, shuningdek, poytaxtimizda jamoat transporti vaqtincha toʻxtatildi. Koʻplab korxona va tashkilotlarda xodimlar uchun maxsus avtobuslar tashkil etildi. Epidemiologik vaziyat boʻyicha har soatlik va kunlik maʼlumot tahlil qilinib, tezkor choralar koʻrilmoqda. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablagʻlar ajratildi.

Davlatimiz rahbarining gʻamxoʻr­lik­lari tufayli chet eldagi fuqarolarimizni charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, koronavirus pandemiyasi aniqlangan va tarqalgan hududlardan bugungi kunga kelib yuzlab yurtdoshlarimiz maxsus charter reyslar orqali mamlakatimizga barcha sanitariya-­epidemiologiya talablariga qatʼiy rioya qilingan holda olib kelindi. Ular respublika hududlarida tashkil etilgan toʻliq karantin talablari asosida jihozlangan maxsus muassasalarga joylashtirildi.

Ishonch va samarali choralar

Koronavirusning oldini olish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida koʻrilayotgan chora-tadbirlar xalqimizga kuch va ishonch bermoqda. Davlatimiz rahbari raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida alohida topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari bugungi sharoitda sanoat korxonalari, tadbirkorlar, eksportyorlardan aniq va samarali choralar kutayotganligini, shu bois iqtisodiyotda hisob-kitob qilinayotgan yoʻqotishlar oʻrnini qoplash uchun zaxira yaratish va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash hukumatning asosiy vazifasi boʻlishi zarur ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Prezidentimiz “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi.

Farmonga binoan, Oʻzbekiston Res­publikasi Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, 10 trillion soʻm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Moliya vazirligi uchun birinchi topshiriq, mana shu 10 trillion soʻm jamgʻarma resurs­larini tezda shakllantirish belgilandi.

Vahimaga hojat yoʻq

Tib ilmining sultoni Ibn Sino “Vahimaning oʻzi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sogʻliqdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir” degan edi.

Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan saʼy-harakatlarni toʻgʻri tushunmagan ayrim hamyurtlarimiz vahimaga berilib, isteʼmol mahsulotlarini gʻamlashga tushishgani, oziq-ovqat yetishmovchiligi haqidagi qoʻrquv paydo qilgani achinarli holdir.

Aholi oʻrtasida vahima va sarosimaga yoʻl qoʻymaslik eng ustuvor yoʻnalishlardan biridir. Shu bois, biz qatʼiy intizomga rioya qilib, oʻzgalarning xatolaridan, tarixda vahima sabab kelib chiqqan yoʻqotish­lardan kerakli xulosa chiqarishimiz zarur. Zotan, xalqimizda “Dushmandan qoʻrqma, vahimadan qoʻrq” degan maqol bejiz aytilmagan.

“Mehr-oqibat bor boʻlsin!”

Yurtimiz ahli uchun sinovli davr boshlangan mana shu damlarda “Yotib qolguncha otib qol” deguvchi “tadbirkorlar” ham oramizda yoʻq emas. Eng achinarlisi, ular yurt boshiga ish tushganda el dardiga darmon boʻlish oʻrniga, xalqni qiyin ahvolga solib, oziq-ovqat mahsulotlari, turli dori vositalari hamda virusdan himoyalanuvchi niqoblarni sotish yoki yoʻlkira narxlarini sunʼiy ravishda oshirish payida boʻlayotir. Bu kabi “tadbirkorlar”da halollik ochkoʻzlik niqobiga aylanib bormoqda. Zero, Saʼdiy bobomiz shunday deydi:

Pokiza boʻlmasa kimning qilmishi,

Hikmat soʻzi bilan tuzalmas ishi.

Ammo mard, tanti va mehnatkash xalqimiz orasida saxovatpesha, halol insonlar borki, ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Boshkentimiz bozorlarida hamda viloyatlarda savdo-sotiq va xarid maqsadida tibbiy niqoblarsiz kelgan barcha fuqarolarga bozor maʼmuriyati tomonidan niqob, sterillangan qoʻlqop va boshqa gigiyena vositalari bepul tarqatilmoqda.

Xuddi shuningdek, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlarida ham bepul tibbiy niqoblar aksiyasi oʻtkazilgani yoki Jizzax viloyatidagi novvoyxonada “Bizda koronavirus narxga taʼsir qilmaydi!” degan yozuvlar toʻgʻrisidagi holat aks etgan suratlar birin-ketin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotganligi quvonchlidir.

Qatʼiy tartib va javobgarlik

Hukumat jamoatchilikni koronavirus boʻyicha asossiz maʼlumot tarqatganlarga qatʼiy chora koʻrilishi haqida ogohlantirdi. Milliy qonunchiligimizda vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi ana shunday harakatlarni oʻylab yoki oʻylamay sodir qilganlarni yana bir bor hushyorlikka chaqirishiga umid qilamiz.

Xususan, aholi orasida vahima chaqirishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 mln. 600 ming soʻmdan 89 mln. 200 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maʼlumot va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 mln. 900 ming soʻmdan 89 mln. 200 ming soʻmgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, 25-martdan boshlab jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz boʻlgan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming soʻm) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan boʻlsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming soʻm) miqdorida jarima qoʻllaniladi.

Xodim va ishchilar oʻz ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da boʻlishi talab etildi, shuningdek, karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qoʻllaniladi.

“Men siz uchun ishda qoldim, Siz biz uchun uyda qoling!”

Qiyin vaziyatda albatta tashabbus, nazorat va barqarorlikni qoʻlga oladigan qatlam boʻlishi lozim. Davlat xizmatchilari va tibbiyot xodimlari ana shunday mashaqqatga doim tayyor turishibdi. Zotan, ular oʻz xizmat vazifalariga fidoyilarcha yondashish bilan birga, jamiyatda boshqalarga namuna koʻrsatib, yuksak axloqiy fazilatlarini namoyish etishmoqda.

Yurtimiz ahli uchun shunday sinovli davrda oʻzining beminnat xizmati bilan xalqimiz mehrini qozonayotgan kasb egalari zimmasidagi masʼuliyatni yana-da oshirib, har kuni, kerak boʻlsa, har daqiqada ibrat koʻrsatmoqda. Ayni vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasiga chalingan yoki gumon qilinganlarga birinchi boʻlib, tibbiyot xodimlari roʻbaroʻ kelishadi. Kasbiga sadoqatli salomatlik posbonlari bemorlarni tibbiy kuzatuvga olib, zudlik bilan davolash choralarini koʻrishmoqda. Mana shunday fidoyilik va qahramonlikka dunyo xalqlari qatori, vatandoshlarimiz ham guvoh boʻlishmoqda va eʼtirof etishmoqda. Shifokorlarimiz va ichki ishlar organlari tomonidan uyushtirilayotgan “Men siz uchun ishda qoldim, siz men uchun uyda qoling!” chellenji aholining mehri va eʼtirofiga sazovor boʻldi. Karantinga olingan bemorlar xavfsizligini taʼminlash, tinchlik hamda barqarorlikni saqlashda ular bor kuch va gʻayratini ayamayotir. Yurtimizning mana shunday fidoyilari yana-da koʻpayaversin!

Bernora SADIKOVA,

polkovnik.

Manba: «Postda» gazetasi.


715
OʻzA