O‘zA O`zbek

22.09.2020 Chop etish versiyasi

Dunyoga jar solishga arzigulik tarixiy voqea

Dunyoga jar solishga arzigulik tarixiy voqea

Kuni kecha Turkiyaning yetakchi nashrlaridan boʻlgan “Jumhuriyat” gazetasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT yuksak minbaridan dunyo xalqlariga xitoban ulugʻ ona tilimizda maʼruza qilishi haqidagi “Oʻzbek tili BMTda” nomli maqola eʼlon qilindi. Men bu maqolani oʻqib, quvonchdan koʻzlarimga yosh keldi.

Bundan avval ham koʻp bor Oʻzbekiston rahbarining oʻzbek tilidagi nutqlarini tinglab, bot-bot quvonch koʻz yoshlari bilan oʻz taassurotlarimni izhor etganman, bitiklar yozganman. Lekin muhtaram Prezidentimizning ona tilimizdagi bu galgi maʼruzasi ilk bor butun dunyo xalqlariga qarata yangraydi, buni oynai jahon, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qiladi. Buning quvonchidan, shukuhidan vujudim chunon titrab, milliy gʻurur tuygʻusi meni sevinch daryosiga gʻarq qilmoqda.

300 kunligimdan beri gʻurbatda gʻarib boʻlib yashab kelayotgan inson sifatida aytamanki, bu tarixiy voqea dunyoga jar solishga arzigulik.

Vatanning qadrini undan olisda yurganlar yana-da chuqurroq his qiladi. Bugun mana shu muqaddas tuproqlarni bizga Vatan qilib tashlab ketgan ota-bobolarimizning ruhlari shod boʻlmoqda. Jannatmakon Oʻzbekistonda inson qadr topmoqda, barcha ezgu va xayrli ishlar oʻzbek xalqining baxtli yashashiga, dunyoda azizu mukarram boʻlishiga qaratilmoqda. Zotan, vatanparvar avlodlar ajdodlar ruhlarini shod qilish uchun ularga loyiq boʻlish qobiliyatini namoyon etmoqda.

Shular qatori, chetdan boʻlsa-da, men ham ota-bobolarimizga rahmat tilab, yurtdoshlarimizni bugungi yutuqlar, jannatmonand Oʻzbekistonimiz dunyoga boʻylashayotgani bilan tabriklab, gʻururlanib suyunmoqdaman. Mening eng oliy maqsadim – xalqimizni, Vatanda yashovchi siz baxtli insonlarni chin koʻngildan qutlash, bundan-da baland marralarni olish uchun kamarbasta boʻlish.

Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining nutqi oʻzbek tilida yuksak minbarda jaranglaydigan lahzalarni xorijdagi minglab vatandoshlar qatori kamina ham intizorlik bilan kutmoqdaman.

Xudo xohlasa, Turon zamindagi yurtdoshlarim bu soʻzlarimni samimiy dil izhorlarim sifatida qabul qilgaylar. Rahmat! Olloh rozi boʻlsin!

Sobir SAYHON, yozuvchi

(Turkiya)

9 422
O'zA