O‘zA O`zbek

12.01.2019 00:21 Chop etish versiyasi

Dunyoda oʻxshashi yoʻq ilmiy markaz va hadis maktabi

Dunyoda oʻxshashi yoʻq ilmiy markaz va hadis maktabi Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi yonida tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazi va unga yondosh joylashgan Hadis ilmi maktabi Imom Buxoriy va boshqa musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilish, yosh avlodni islom dinining asl qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro hamkorlik va muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu tariqa dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshgan ilmiy merosimiz qayta jonlanib, yangilanayotgan ilm dunyosida oʻz soʻzini aytadi.

Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifini ilk bor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016 yili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida ilgari surgan edi. Qisqa fursat ichida ish boshlagan markaz faoliyati bilan tanishish kishiga ilohiy qudrat bagʻishlaydi.

Markazda allomalarning bebaho merosini oʻrganishda oʻziga xos maktab yaratgan buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, ulugʻ faqihlar Burhoniddin Margʻinoniy, Abullays Samarqandiy, kalom ilmining buyuk mutafakkirlari Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlar boy merosini alohida-alohida oʻrganish va ilmning shu sohalari boʻyicha mukammal bilimga ega boʻlgan yetuk mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan.

7.JPG

17.JPG

– Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun musulmon dunyosida noyob bu markaz islom dinining asl mohiyatini, uning falsafasini keng targʻib qilish, ilmiy boyitishga salmoqli hissa qoʻshgan allomalarimizning soʻnmas merosi timsolida tashkil etildi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari Nuriymon Abulhasan. – Bunga markaz binosini milliy meʼmorchilik anʼanalari asosida bunyod etishda ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz takliflari bilan, avvalo, binoga kirish foyesida ulkan gumbaz qurilib, uning ichki tomoniga Qurʼoni karimning birinchi nozil boʻlgan oyatlari, yaʼni “Alaq” surasining besh oyati yozildi. Bu oyatlarning uchtasida paygʻambarimiz Muhammad sallalohu alayhi vassallamga “Oʻqing” deb murojaat qilingan. Bu ushbu dargohga kirgandanoq uning mazmun-mohiyatini ifoda etib, markazning ilmu urfon, ziyo markazi ekanligini namoyon etadi. Shuningdek, gumbazda Imom Buxoriy hazratlarining “Jome as-sahih” kitoblarida keltirilgan birinchi – “Barcha ezgu amallar niyatga bogʻliqdir” degan hadisi bitildiki, bu markazning tashkil etilishi bizning ezgu niyatlarimiz bilan bogʻliq, degan maʼnoni ifodalaydi. Buyuk ajdodlarimizning ruhini shod etish, fayzli Oʻzbekistonimizning muborak zaminida makon topgan hayotiy bilimlarni yana shuʼlalantirish bizning ezgu niyatlarimizdir.

Markazning birinchi qavatida tashkil etilgan muzeyga kirgan kishi asl ilm manbaidan kuch olishi tabiiy, oʻzingizni ruhan poklangandek sezasiz. Muzey markaziga “Sahihi Buxoriy” kitobining qadimiy qoʻlyozma nusxasi va buyuk muhaddisning ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob asarlarining nusxalari qoʻyilgan.

Imom Buxoriy hazratlari oʻzlarining ilmiy safarlari chogʻida Bagʻdodda hadis ilmi bilan shugʻullanib, mukammal hadislar toʻplamini yaratgani va ularni yod olganlariga Bagʻdod ulamolari shubha bilan qaraydi. Shu sababli ular Imom Buxoriyni taklif etib, u kishining ilmlarini sinovdan oʻtkazishadi. Muzey toʻridagi devorda ishlangan suratda ushbu jarayon aks ettirilgan boʻlib, bu mazkur maskanga kelgan kishi qalbida buyuk muhaddis bobomiz bilan faxrlanish tuygʻusini joʻsh urdiradi.

Markaz tomonidan oʻtgan vaqt davomida buyuk allomalarimiz merosini oʻrganish, keng targʻib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

– Jumladan, dunyoning 14 yetakchi islom tadqiqot markazi, universitetlar bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi, – deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Shovosil Ziyodov. – Bundan tashqari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSH, Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Malayziya, Pokiston, Hindistondagi ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. Malayziyaning Islom ilmlari universiteti, Islom sivilizatsiyasi instituti, Islomni anglash instituti bilan buyuk allomalarimiz ilmiy merosini oʻrganish yoʻnalishida kelishuvlarga erishildi, Saudiya Arabistonining Podshoh Abdulaziz universiteti, Sunnat va nabaviy merosni oʻrganish markazi bilan xorijda saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalarning nusxalarini olish masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni tadqiq qilish, xalqimiz, keng jamoatchilikka ushbu merosning boy maʼnaviy-maʼrifiy asoslarini yetkazish maqsadida Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz maʼnaviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etdi.

Maʼlumki, Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.

Qarorga koʻra, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Hadis ilmi maktabi oliy diniy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Bu maktabda oʻqish muddati besh yil boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida olib boriladi. Hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qurʼoni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladigan maktabga arab tili va hadis fanlarini oʻzlashtirgan, mumtoz matnlarni oʻqiy oladigan hamda ularni yod olishga salohiyati boʻlgan 5-10 nafar Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar fuqarolari suhbat asosida saralab olinadi.

– Tarixdan maʼlumki, zaminimizda uzoq oʻtmishda islomiy ilmlarni oʻrgatuvchi maktablar shakllangan, – deydi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov. – Masalan, Samarqandda hadis ilmi, Qarshida kalom ilmi, aqida ilmi, Margʻilonda fiqh ilmi, Buxoroda tasavvuf ilmi maktabi boʻlgan. Mana, oradan bir necha asr oʻtib tashkil etilayotgan ushbu markazlarda zamonamizning buxoriylari, nasafiylari, margʻinoniylari yetishib chiqishi kerak. Va inshooloh, bu maqsadlarimiz roʻyobga chiqgay.

Hadis ilmi maktabi faoliyatining asosiy maqsadi Islom dinining, Qurʼoni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, ilmiy-maʼnaviy asoslarini, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan allomalarimizning ilmiy merosini oʻrganish, dinlar tarixi va nazariyasini mukammal egallagan, islom dini asoslari va arab tilini, xususan, hadis va unga doir ilmlarni chuqur oʻzlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlashdir.

Maʼlumot uchun aytish joizki, islom bilim yurtlarida barcha diniy fanlar boʻyicha boshlangʻich bilim va tushunchalar beriladi. Hadis ilmi maktabida esa faqat hadis ilmiga xos yoki uni oʻrganishga koʻmak beruvchi mumtoz manbalar “ustoz-shogird” anʼanasi asosida oʻqitiladi.

Hadis ilmi maktabi tinglovchilari modul tizimi asosida, 2-3 oy davomida bitta asar boʻyicha shugʻullanadi. Kurs yakunida imtihonlardan oʻtgan tinglovchilarga muayyan kitobni oʻzlashtirgani toʻgʻrisida guvohnoma hamda keyingi asar boʻyicha mashgʻulotlarga qatnashish imkoni beriladi.

Maktabga oʻquv jarayonini samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining ulamolari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom institutining professor-oʻqituvchilari, xorijlik koʻzga koʻringan mutaxassislar jalb qilinadi. Ilmiy salohiyatga ega professor-oʻqituvchilarni tanlash, ularni Hadis ilmi maktabiga jalb qilish Toshkent islom instituti zimmasiga yuklatiladi.

Hadis ilmi maktabining oʻquv binosi, yotoqxona va axborot-resurs markazi moddiy taʼminoti bilan bogʻliq xarajatlar, professor-oʻqituvchi va xodimlarni oylik-maosh bilan taʼminlash Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshiriladi.

Maktab kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga diniy taʼlim muassasalariga kirish uchun oʻtkaziladigan qabul imtihonlarida har bir sertifikat boʻyicha toʻplagan balining 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball taqdim etiladi.

Faxr bilan aytish mumkinki, Vatanimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalo, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Maʼnaviy-maʼrifiy jabhada erishayotgan yutuqlarimiz esa jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Oʻzbekistondek muqaddas zaminda bugun ham buyuk ilm-fan sohiblari yetishib chiqayotgani, ular, albatta, ezgulikka xizmat qilishidan dalolatdir.

19.JPG

20.JPG

21.jpg

26.JPG

27.JPG

34.JPG

35.JPG


Ulugʻbek Asrorov, Gʻolib Hasanov, Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA
3 212