O‘zA O`zbek

19.09.2018 15:57 Chop etish versiyasi

Dunyoda har 5 soniyada bir bola vafot etmoqda

Dunyoda har 5 soniyada bir bola vafot etmoqda

Oʻtgan yilda 6,3 million bola 15 yoshga toʻlmasdan hayotdan koʻz yumgan. Suv, oziq-ovqat va tibbiy xizmat yetishmasligidan har 5 soniyada bir bola oʻlim topmoqda. Bu haqda BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNЕSЕF), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Jahon banki tomonidan tayyorlangan hisobotda maʼlum qilingan. 

YUNISЕF vakili Lourens Chendi oʻtgan asrning oxiridan boshlab bolalar oʻlimiga qarshi kurash boʻyicha ulkan yutuqlarga erishilganini esladi. 1990 yillardan boshlab bu koʻrsatgich ikki barobar qisqardi, lekin millionlab bolalar kambagʻal mamlakatlarda tugʻilgani uchun hanuz vafot etmoqda. Besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimining yarmi Afrika, uchdan bir qismi esa Janubiy Osiyoga toʻgʻri keladi.

Agar bunga qarshi zarur choralar koʻrilmasa, 2030 yillarga borib 56 million bola 5 yoshga kirmay hayotdan koʻz yumushi mumkin. Eng qizigʻi ularning aksariyatining hayotini oddiy emlash va akusherlik yordami orqali saqlab qolish mumkin ekan. 

Shifokorlarning taʼkidlashicha, bezgak, pnevmaniya va tugʻruq paytidagi asoratlar besh yoshgacha boʻlgan bolalarning oʻlimiga sababchi boʻlar ekan. 5 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimining asosiy sababi turli jarohatlar, tabiiy omillar orqali sodir boʻlishi aniqlangan. Shunga qaramay BMT hisobotida bolalar oʻlimi yil sayin kamayib borayotgani qayd etilgan.

OʻzA
970