Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.04.2018 09:10 Chop etish versiyasi

Dunyo talabalar nigohida

Joriy yilning aprel, may oylarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida “Dunyo talabalar nigohida” nomli festivalni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida mazkur festivalga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda mutasaddi tashkilot vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilayotgani, mazkur festival yoshlarimizning ma’naviy ongini oziqlantirish, mustaqil tafakkurini rivojlantirish hamda estetik didini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Festival 22-aprelda poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog‘ida “Chokoland” shirinliklar festivali bilan boshlanadi. Unda “Shirinliklar olami” ko‘rgazmasi, “Yosh kitobxon” bolalar kitoblari ko‘rgazmasi, “Sehrli olam” hunarmandlar ko‘rgazmasi, “Ranglar olami” konsert dasturi, “Rap&beat” reperlar hamda bitbokserlar tanlovi, milliy liboslar namoyishi, multqahramonlar paradi, yosh musavvirlar tanlovi hamda bolalar uchun kun davomida quvnoq tanlovlar namoyish etiladi.

26-may kuni Yoshlar ijod saroyida “Dunyo talabalar nigohida” nomli ko‘rgazma, “Sehrli olam” hunarmandlar ko‘rgazmasi, “Madaniyat xalq durdonasi” nomli dunyo liboslari ko‘rgazmasi, “Bizning sayyora” videoroliklar namoyishi, “Ranglar olami” konsert dasturi hamda “Siz ingliz tilini bilasizmi?” kabi ko‘rik-tanlovlar namoyish etiladi.

“Dunyo talabalar nigohida” festivali 27-may kuni “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida tantanali tarzda yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 615