O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Dunyo osmonida yangragan tilim!

Dunyo osmonida yangragan tilim!

Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida soʻzlagan nutqi bugun oʻzbekman, oʻzbekistonlikman degan har bir insonni toʻlqinlantirgani, yoshu keksaning qalbini gʻurur-iftixorga toʻldirgani, shubhasiz.

Ha, jahonning eng katta minbaridan oʻzbek tilining yangrashi ulkan tarixiy hodisadir!

Ayniqsa, Prezident nutqidan oʻrin olgan Markaziy Osiyo mintaqasining qadimiy va boy madaniy merosini asrab-avaylab, butun insoniyatga yetkazish, uning qadr-qimmatini kelajak avlodlarga ham tushuntirish borasida 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda koʻhna Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forum oʻtkazish taklifi muhim ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Xorazm oʻlkasining ushbu xalqaro tadbir uchun tanlanishi ham bejiz emas. Xususan, Xorazm zaminining jahon tamaddunida tutgan oʻrni va ahamiyatini ilmiy-nazariy jihatdan mukammal oʻrganish ishlarining amalga oshishida ushbu taklif gʻoyat muhimdir.

Shuningdek, qoʻshni Afgʻonistondagi tinchlik va barqarorlik masalasida Oʻzbekiston yil sayin bir-biridan muhim, ulkan ishlarning samarali amalga oshishida alohida jasorat va fidoiylik koʻrsatib kelmoqda. Afsuski, shuncha urinishlarga qaramay, qoʻshni Afgʻonistonning tinch-totuvligi mudom dunyo hamjamiyati diqqat markazida asosiy masala boʻlib qolmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida: “Bu borada “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir” dedi va BMT huzurida afgʻon xalqining dardu hasratiga malham boʻladigan, ularni tinglaydigan va muntazam faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish taklifini ilgari surdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nutqining yana bir yoʻnalishiga koʻra, Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish orqali Orol ogʻriqlarini yengillatish va bu borada BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi berildi. Ayni muhim hujjat qabul qilingan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash ushbu dardli muammoga nisbatan jahon hamjamiyatining eʼtiborini yana-da kuchaytiradi.

Prezidentimiz soʻzining oxirida bugungi kunda inson hayoti uchun muhim masalalardan biri – qashshoqlik va kambagʻallikka qarshi kurashish gʻoyasini BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash masalasini koʻtardi hamda ushbu ogʻriqli mavzuga bagʻishlangan global sammit oʻtkazish taklifini kiritdi.

Bugungi kunda oʻta dolzarb boʻlgan ushbu ogʻriqli masalaga jahon hamjamiyati bilan birgalikda choralar koʻrish, qilinayotgan ishlardan koʻra yana samarador yoʻllarni izlash, jahon tajribasini qoʻllashdek tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Bir necha yuz yillardan buyon dunyoning barcha nuqtalarida beayov hukm surayotgan qashshoqlik va kambagʻallik muammosini shu kunga qadar hech qaysi davlat rahbari bunchalik jiddiy koʻtarmagan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu muammoni ochiq va dadil koʻtarib chiqar ekan, boshqa mamlakatlarni ham bu masalaga qatʼiy eʼtibor berishga va uning yechimini topish yoʻllarini izlashga chaqirdi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan qator tashabbus va takliflar dunyo hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Bu galgi taklif va tashabbuslar ham shu kunning oʻzidayoq koʻpchilik tomonidan maʼqullandi va amalga oshirilishi hayotiy zarurat boʻlgan ishlar sifatida keng eʼtirofga sazovor boʻldi. Albatta, ushbu tashabbus va takliflarning hayotga tatbiq etilishida aynan BMTning qoʻllab* quvvatlashi, hamfikrligi va koʻmagi juda muhimdir. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy oʻrnini yana-da kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.

Barchamizni behad quvontirib, qalbimizni gʻurur-iftixorga toʻldirgan va jahon minbarida turib aytilgan bu ezgu taklif va gʻoyalar oʻzbek tilida jarangladi! Ha, bu tarixiy nutq oʻzbekman, oʻzbekistonlikman degan har bir insonni toʻlqinlantirdi.

Ozoda Bekmurodova,
Yashnobod tumani hokimining til boʻyicha maslahatchisi.

1 615
OʻzA