O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

Dunyo mamlakatlarining Global raqobatbardoshlik indeksi e’lon qilindi


Global raqobatbardoshlik indeksi global tadqiqotlar va iqtisodiy raqobatbardoshlik darajasi bo‘yicha dunyo mamlakatlarining reytingi hisoblanadi. Mazkur reyting Jahon iqtisodiy forumi metodologiyasiga binoan ommaga taqdim etiladigan statistika va kompaniya rahbarlarining global so‘rovi natijalariga asoslangan. 

Reytingning 2018 yil bo‘yicha natijalariga ko‘ra, global raqabatbardoshlik kuchli o‘ntaligiga ushbu davlatlar kirgan: 

Singapur (84,8 ball) 

Singapur bozor iqtisodiyoti yuqori rivojlangan va soliq darajasi past bo‘lgan mamlakatdir. Mamlakatda elektronika, kemasozlik va moliyaviy xizmatlar sektori rivojlangan. Biotexnologiya sohasida ham keng ko‘lamli tadqiqotlar olib borilmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari (83.7 ball) 

AQSh nominal yalpi ichki mahsulot bo‘yicha jahonda birinchi va xarid qilish qobiliyati tengligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Mamlakat iqtisodiyoti yuqori darajada rivojlangan. Aholisi dunyo aholisining atigi 4.3 fozini tashkil etishiga qaramay, amerikaliklar dunyodagi jami boylikning 40 foiziga egalik qiladi.

AQSh o‘rtacha ish haqi, inson taraqqiyoti indeksi, jon boshiga yalpi ichki mahsulot va mehnat unumdorligi kabi qator ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha jahonda yetakchilik qilmoqda. 

Gonkong ( 83.1 ball) 

Gonkong xalqaro moliya va savdoning muhim markazlaridan. Hudud iqtisodiyoti erkin bozor, past soliqqa tortish va davlat aralashuviga yo‘l qo‘yilmaslikka asoslanadi. 

Gonkong offshor hudud bo‘lib, erkin port sifatida import uchun bojxona to‘lovlarini to‘lamaydi, qo‘shimcha qiymat solig‘i belgilanmagan.

Niderlandiya (82.4 ball) 

Niderlandiya yuqori darajada rivojlangan post-industrial iqtisodiyotga ega. Mamlakatning Rotterdam , shuningdek Eymyayden, Dordrext, Arnem va Naymegen kabi sohil shaharlari og‘ir sanoat - neftni qayta ishlash, kimyoviy ishlab chiqarish, qora metallurgiya va mashinasozlik sohalariga ixtisoslashgan. Dengiz sohillari bo‘yida shamol energiyasi fermalari joylashgan. Shokolad, sigaralar, pivo ishlab chiqarish ham rivojlangan. 

Shveysariya(82.3 ball) 

Shveysariya dunyodagi eng rivojlangan va boy davlatlardan biri. Mamlakat mineral resurslarga deyarli ega bo‘lmasada, sanoati taraqqiy etgan, qishloq xo‘jaligi yuqori mahsuldor.

Shveysariyada oltinni tozalash bo‘yicha dunyodagi eng yirik zavodlardan to‘rttasi joylashgan. Shunga ko‘ra, bu mamlakat qimmatbaho metallar importi va eksporti bo‘yicha ham jahonda yetakchi. 

6. Yaponiya ( 82.3 ball) 

Yaponiya - hayot darajasi juda yuqori bo‘lgan rivojlangan mamlakat hisoblanadi. Kunchiqar yurt umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha jahonda eng yuqori va go‘daklar o‘limi darajasi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarga ega. 

Bank xizmatlari, sug‘urta, ko‘chmas mulk, transport, chakana savdo, telekommunikatsiya va qurilish sohalari mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi.

Yaponiyada yirik ishlab chiqarish quvvatiga ega avtotransport, elektronika, dastgohlar, po‘lat, kemalar, kimyoviy mahsulotlar, to‘qimachilik va oziq-ovqat zavodlari mavjud. 

Germaniya (81.8 ball) 

Germaniya - iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan. Bir qator sanoat va texnologik sohalarda global yetakchi. Eksport va import hajmi bo‘yicha jahonda uchinchi o‘rinda turadi. 

Germaniya hayot darajasi juda yuqori bo‘lgan rivojlangan mamlakat hamdir. Bu yerda ijtimoiy ta’minot, universal sog‘liqni saqlash tizimi, atrof-muhitni muhofaza qilish va bepul oliy ta’lim qo‘llab-quvvatlanadi. 

Shvesiya (81.2 ball) 

Shvesiya diversifikatsiyalangan va raqobatbardosh iqtisodiyotga ega. Mamlakatda ABB, Atlas Copco, Oriflame, Saab AB, Saab Automobile AB, Scania, Volvo, Volvo Trucks, Ericsson, TELE2, AB Electrolux, TetraPak, Alfa Laval, SKF, H&M kabi 50dan ziyod global kompaniyalar faoliyat olib bormoqda. Shvesiyada innovatsiyalar yuqori darajada rivojlangan, doimiy ravishda modernizatsiya qilinadigan infratuzilma mavjud. 

Buyuk Britaniya (81.2 ball) 

Buyuk Britaniya iqtisodiyoti yalpi ichki mahsulot hajmi va xarid qobiliyati tengligi bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda turadi. Bank, sug‘urta, brokerlik xizmatlari, shuningdek, kompyuter dasturlari bo‘yicha jahon eksportining 10 foizi Qirollik hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Daniya (81,2 ball) 

Daniya - yuqori darajada rivojlangan sanoat va agrar mamlakatdir. Milliy daromadda sanoatning ulushi 40 foizdan ziyod.

Mamlakat aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tashqi savdo hajmi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Daniya Yevropada eng barqaror iqtisodiyotga ega mamlakat sifatida muvozanatli davlat budjeti, barqaror valyuta, past foiz stavkalari va past inflyatsiya darajalari bilan ajralib turadi.

3 646
Malohat Husanova, O‘zA