O‘zA O`zbek

08.08.2018 21:22 Chop etish versiyasi

Dunyo ijodkorlari yer yuzi sayqalida

Dunyo ijodkorlari yer yuzi sayqalida “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari 8 avgust kuni Samarqand shahriga sayohat qildi.

Dunyoning yigirma besh mamlakatidan kelgan shoir-yozuvchilar, taniqli adabiyotshunos va tilshunos olimlar, tarjimonlar O‘zbekiston Respublikasining BirinchiPrezidenti Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilinib, buyuk davlat va siyosat arbobi qabriga gullar qo‘yildi.

Mehmonlarga ushbu majmuaning yaratilish tarixi, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Anjuman ishtirokchilari buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyida bo‘lib, qadimiy obida va ashyolarni hayrat bilan tomosha qildi.

10 (1).JPG

– Men tug‘ilishimdan avval otam Mirzo Ulug‘bek majmuasiga kelgan va “O‘g‘il farzand ko‘rsam ismini Ulug‘bek qo‘yaman”, deb niyat qilgan ekan, – deydi Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Yesdavlat. – Shu bois menga buyuk bobokolonimizning ismi qo‘yilgan. Ehtimol, shu sabab bo‘lsa kerak, Samarqandga tez-tez kelib turaman. Bu galgi tadbir ham Samarqandga kelishimga bir sabab bo‘ldi.

Mehmonlar Xo‘ja Doniyor ziyoratgohi, Amir Temur maqbarasi va Registon maydonida bo‘lib, ajdodlarimizning noyob aqlu zakosi mahsuli bo‘lgan tarixiy obidalarning bunyod etilish tarixi, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

– Dehlidagi Jamiya milliy islomiya universitetida xatti Boburiydan o‘zbek tilida dars beraman, – deydi hindistonlik Shohid Taslem. – Navoiyshunos, boburshunos olimlar, iste’dodli ijodkorlarning bu yurtda jam bo‘lishi bejiz emas. Negaki, o‘zbek mumtoz adabiyoti jahon adabiyotini durdona asarlari bilan boyitgan. Ularni o‘rganish va targ‘ib etish borasida yurtingizda juda katta ilmiy-ijodiy maktablar yaratilgan. O‘zbekiston Prezidentining adabiyotga, ma’naviyatga alohida e’tibor qaratishi va soha vakillariga yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi bu maktablarning yanada taraqqiy etishidan dalolat beradi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat)O‘zA
2 585