Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 19:38 Chop etish versiyasi

Dunyo e’tiboriga tushgan takliflar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan yorqin, amaliy takliflarga boy nutqi jahon siyosatchilari, ekspertlari, jumladan, ilm-fan ahli tomonidan ham ijobiy voqea sifatida baholanmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqida alohida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda bugun barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz yorqin taraqqiyot sari dadil intilmoqda. Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Maqsadimiz "Inson manfaatlari hamma narsadan ustun" tamoyiliga qat’iy amal qilgan holda huquqiy, demokratik davlat barpo etishdir.

2017-yil mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani zamirida ham ana shunday olijanob maqsadlar mujassam. Davlatimiz rahbari butun e’tiborini oddiy odamlarning muammolarini hal qilishga, ularning qulay, farovon, hayotdan rozi bo‘lib  yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqda. "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak". Bu bugungi kunda O‘zbekiston rahbariyatining asosiy shioridir.

Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali qisqa vaqtda bir milliondan ortiq odam o‘z muammolariga ijobiy yechim topdi. Bu odamlarda adolatga, davlatga ishonchni oshirdi. Xalqimiz kelajakka katta umid bilan qaramoqda. Bu esa muvaffaqiyatlarimizning bosh omilidir.

"Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi". Bu Prezidentimiz ilgari surgan shiorlardan biridir. Shuning uchun ham mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan qulayliklarga ko‘pchilik havas qilmoqda. Bank-moliya tizimida, iqtisodiyot tarmoqlarida o‘tkazilayotgan tub o‘zgarish va yangilanishlar yaqin yillarda o‘z samaralarini berishiga ishonamiz.

Prezidentimiz BMTning yuksak minbaridan turib dunyo hamjamiyatiga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, halqimizning azmu shijoati, maqsadi va orzu-niyatlari, davlatimizning ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida bayon etar ekan, amaliyotchi, islohotchi rahbar ekanini yana bir bor namoyon qildi. Bir qator amaliy takliflarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish zarurligi haqida taklif bildirdi. Yoshlar kelajagimiz ekani, ularning taqdiriga befarq, e’tiborsiz qarash yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan dunyo jamoatchiligini yana bir bor ogohlantirdi.
 
Qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikni ta’minlashga erishish, quriyotgan Orol dengizi muammosi, Markaziy Osiyoda umumiy suv manbalaridan oqilona foydalanish kabi dolzarb masalalarda ham o‘z qarashlari, aniq fikrlari, takliflarini ilgari surdi. Dunyo hamjamiyatini yana bir bor terrorizmga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqirdi. Bu borada kuch ishlatish siyosati kutilgan natijani bermayotgani, terrorizmning oqibatlaridan ko‘ra, uning sabablari bilan qiziqish to‘g‘ri bo‘lishini ta’kidladi.

Jahon ilm-fani, islom dunyosiga buyuk allomalar, donishmandlar yetishtirib bergan yurt vakili sifatida Shavkat Mirziyoyev muqaddas islom dini, islom tamadduni to‘g‘risida samimiy so‘zlar aytar ekan, BMT Bosh Assambleyasiga "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" haqida maxsus rezolutsiya qabul qilish taklifini bildirdi.

Prezidentimizning BMT minbaridan aytgan  fikrlari, takliflari sessiya ishtirokchilari e’tiborini tortdi, dunyo jamoatchiligi ularga hali ko‘p bora murojaat qiladi, deb o‘ylaymiz.

Sarvar Qodirov,
Texnika fanlari doktori, akademik.


1 726






Все о погоде - Pogoda.uz