O‘zA O`zbek

01.08.2018 19:42 Chop etish versiyasi

Dunyo adabiy jamoatchiligi oldida o‘z so‘zimizni aytish imkoniyati

Dunyo adabiy jamoatchiligi oldida o‘z so‘zimizni aytish imkoniyati
Joriy yilning 7-8 avgust kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan“O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzuidagi xalqaro konferensiya mamlakatimiz va chet el adabiy jamoatchiligida o‘ziga xos voqelik bo‘lishi shubhasiz. Ushbu ijodiy anjuman milliy adabiyotimiz rivoji yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob etish, jahon adabiyoti muhitiga kengroq nazar tashlash, ijodkorlarning o‘zaro fikr almashishi yo‘lidagi qulay ijodiy imkoniyatdir.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat SIROJIDDINOV bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuviga ham bir yil bo‘ldi. O‘tgan qisqa vaqt mobaynida milliy adabiyotimiz, san’atimiz, madaniyatimiz, ommaviy axborot vositalarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini zamon ruhiga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yishga oid ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilindi, – deydi Sh.Sirojiddinov. – Ularning ijrosi yurtimiz ma’naviy-madaniy hayoti rivojini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda yangi-yangi istiqbollarni ochib bermoqda.

Ayni jihatlar milliy adabiyotimiz sohasida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori adabiyotimizni xalqaro miqyosda targ‘ib etish, bu borada dunyoning turli mintaqalarida turib adabiyotimiz tarixini o‘rganayotgan, adib va shoirlarimizning asarlarini tarjima qilayotgan barcha tarjimonlarni hamkorlikka chorlash masalalarida muhim tarixiy qaror bo‘ldi.

Qarorda ushbu yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish maqsadidabir qator vazifalar belgilandi. Jumladan, milliy adabiyotimizning sara namunalarini tanlab tarjima qilish, yosh tarjimonlarni tayyorlash, tarjima qilingan asarlarni “Ijod” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan chet ellarda chop etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Chunki bugungi kungacha o‘zbek adabiyotining juda katta qismi xorijliklar uchun noma’lumligicha qolmoqda, mumtoz va zamonaviy badiiy asarlarimiz xorij tillariga yetarli darajada tarjima qilinmagan. Buning ustiga malakali tarjimonlar deyarli yo‘q. Tabiiyki, bu ishlarni amalga oshirish, tarjimalarning sifati tarjima qilinayotgan til sohiblarining hamkorligisiz kutilgan natijani bermaydi. Shu jihatdan oldimizda xorijlik olim va tarjimonlar bilan aloqa o‘rnatish vazifasi ko‘ndalang turardi.

Ayni shu niyat O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan Toshkentda joriy yil avgust oyining birinchi o‘n kunligida “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro konferensiyani o‘tkazish g‘oyasining tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Ushbu konferensiyaga 25 davlatdan o‘zbek adabiyoti tarixi bilan shug‘ullanib kelayotgan olimlar va o‘zbek adabiyoti tarjimonlari taklif etilgan. Maqsad o‘zbek adabiyotining chet ellarda targ‘ib etilishini keskin yaxshilash, bu borada kelgusida qilinadigan ishlarni aniq belgilab olish uchun xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro fikr almashishdan iborat.

Ushbu konferensiya tarixiy ahamiyatga ega. Negaki, u davlatimiz rahbarining mamlakat ijodkor ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuviga bir yil to‘lgan kunlarda o‘tkazilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 3 avgust kuni O‘zbekiston ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda: “Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”, – deb aytgan so‘zlarida chuqur ma’no-mazmun bor. Tarix, san’at va adabiyot millat ruhi, millat g‘ururi, millat tafakkurini o‘zida aks ettiradi. Bugun O‘zbekiston katta jur’at va shaxdam qadamlar bilan rivojlanayotgan mamlakatlar ichida olg‘a intilayotgan bir paytda uning qadim madaniyati, yuksak ma’naviyatini adabiyot orqali jahon xalqlariga tanishtirish o‘zbek xalqiningbuyuk millat, degan tarixiy maqomini tiklashga xizmat qiladi.

Bizning adabiyotimiz boy merosga va butun dunyoga o‘rnak bo‘larli namoyandalariga ega.Biz haqli ravishda ular bilan faxrlanamiz.Ammo, ming afsuski, uni dunyoga tanitish ishlarida oqsab qolgandik. Shu ma’noda mazkur konferensiya dunyo olimlari va tarjimonlarining boshini qovushtiruvchi va yagona maqsad sari hamkorlikda zalvorli ishlarni amalga oshirishimizda birinchi qadam bo‘ladi.

Ushbu nufuzli anjuman Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tadi. Bu bejiz emas. Universitet endigina 2 yoshga to‘ldi. Uning zimmasiga o‘zbek tili va adabiyotini xalqaro miqyosda ilmiy o‘rganish, uning nufuzini oshirish choralarini ko‘rish, universitetni o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishning jahoniy markaziga aylantirish kabi o‘ta mas’uliyatli va sharafli vazifa yuklatilgan. Universitetga bino ajratish, eng zamonaviy talablarga javob beradigan moddiy-texnik ta’minoti Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning alohida g‘amxo‘rligi va qat’iy nazorati ostida amalga oshirilgani davlatimizning tilimiz va adabiyotimizga bo‘lgan yuksak e’tiboridan darak beradi va bu barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi.

2017 yil 23 dekabrda universitet binosining ochilish marosimiga davlatimiz rahbari tashrif buyurib, bugungi kunda o‘zbek tili va adabiyotini dunyoga targ‘ib qilish, shu sohada mashg‘ul bo‘lgan butun dunyo olimlarini universitet bilan bog‘lash va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qancha topshiriqlar bergan edi.

Joriy yilning may oyida universitetda “O‘zbek tilining jahon turkologiyasidagi o‘rni va xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzuida xalqaro davra suhbati tashkil etdik. Unda 20 davlatdan o‘zbek tili bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislar va turkolog olimlarqatnashdi. Ushbu davra suhbati o‘ziga xos tanishuv marosimi bo‘ldi, deyish mumkin. Ularga universitetimizning ta’sis etilishi tarixi, oldida turgan vazifalari haqida batafsil ma’lumot berdik. Mehmonlar ham O‘zbekistonda milliy til va uning targ‘iboti masalalarida olib borilayotgan davlat siyosatini ijobiy baholab, bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar, ijobiy intilishlar barcha davlatlarga o‘rnak ekanligini alohida ta’kidladi.

Ana shu davrasuhbatidan so‘ng o‘tgan davrda xorijdagi bir qancha turdosh oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatildi. Ozarbayjon, Turkiya, Buyuk Britaniya ilmiy markazlari bilan hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar nihoyasiga yetmoqda. Bir qancha yirik xalqaro ilmiy assotsiatsiyalardan a’zolikka qabul qilish bo‘yicha takliflar oldik. Joriy yilning 14-16 sentyabr kunlari Tatariston va Boshqirdiston Fanlar akademiyasining, Turkiya va Ozarbayjon Ilmlar akademiyasining nufuzli vakillari bir qancha universitetlar rektorlari bilan birgalikda universitetimiz mehmoni bo‘ladi. Tashrif doirasida universitetda xalqaro turkologiya ilmiy-tadqiqot markazining ochilish marosimi o‘tkaziladi. Bu markaz asos-e’tibori bilan davlatimiz rahbarining o‘zbek tilining xalqaro nufuzini ta’minlash va tilimizning tarixi, buguni va istiqboli bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlarni xalqaro miqyosda olib borish zarurligi haqidagi ko‘rsatmalarini bajarishga xizmat qiladi.

O‘zbek adabiyoti targ‘iboti bo‘yicha o‘tkaziladigan xalqaro anjuman ham xuddi shu ko‘rsatmalar mohiyatidan kelib chiqadigan yana bir muhim tadbir sifatida o‘ta ahamiyatlidir. Zero, bu anjuman tarixda birinchi marta dunyo adabiyotshunoslari oldida o‘z so‘zimizni aytish imkonini beradi. Shuningdek, o‘zbek adabiyoti tarjimalari bo‘yicha mamlakat va chet ellardagi holat, o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz tarixi va hozirgi adabiy jarayonga oid dunyoda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar ko‘lami, yutuq va kamchiliklar bo‘yicha dastlabki tasavvurlarimiz shakllanadi. Eng muhimi, biz Prezidentimiz aytganidek, “o‘zimizning va dunyo olimlarining boshini qovushtirib, bir ezgu maqsadga, ya’ni o‘zbek adabiyotini dunyoda tarannum etishga yo‘naltiramiz” .

Shu munosabat bilan anjuman ishidan kutiladigan muhim natija sifatida Toshkentda O‘zbek adabiyoti tarjimonlari va ilmiy izlanuvchilar butunjahon assotsiatsiyasini ta’sis etish haqida taklif kiritmoqchimiz. Ushbu assotsiatsiya a’zolari har yili fevral oyida Toshkent shahrida keng nishonlanadigan Hazrat Navoiy tug‘ilgan kuni arafasida yillik hisobot yig‘ilishida qatnashishi, yil davomida jahon miqyosida olib borilgan ishlar bilan tanishib borishi va yangi g‘oyalar bilan o‘rtoqlashishi asnosida kelgusida o‘zbek adabiyotining jahon miqyosida keng tanilishiga munosib hissa qo‘shadi.

Nazokat Usmonova yozib oldi, O‘zA
2 429