Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 19:06 Chop etish versiyasi

Dorilomon kunlarni hech narsaga alishmayman

Dorilomon kunlarni hech narsaga alishmayman Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 4-apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mustaqillik yillarida keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Ushbu hujjatlarga muvofiq, Navoiy viloyatida ham davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, yoshlar Ikkinchi jahon urushi va mehnat fronti faxriylari xonadonida bo‘lib, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatmoqda, ko‘ngillarini ko‘tarib, uy yumushlariga ko‘maklashmoqda. Uy-joylarini ta’mirlash, obodonlashtirish, ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlarga turar joy ajratish, navbatsiz haj safariga yuborishdek ezgu ishlardan faxriylar juda mamnun.

Karmanalik Yalla bobo Ravshanovning uyi har galgidan gavjum. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari boboga Prezidentimiz nomidan 2 million so‘mlik pul mukofoti va “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan yengil avtomashinani bir martalik navbatsiz sotib olish va ularga bepul texnik xizmat ko‘rsatish uchun imtiyozli sertifikatni tantanali ravishda topshirdi.

– Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, – deydi Yalla bobo. – Yaratganga behisob shukr, bugungidek dorilomon kunlarda yashash nasib etdi. Har tong yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi, yoshlarimiz emin-erkin o‘qiyotgani, ishlayotgani, o‘zi tanlagan sohada katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani uchun shukronalar aytaman. Buning bari tinchlikdan. Ilohim, doimo shunday bo‘lsin!

Yalla bobo 1937-1938-yillarda Kattaqo‘rg‘on kanali qurilishida ishtirok etgan. 1939-yili harbiy xizmatga chaqirildi va qariyb o‘n yildan so‘ng – 1948-yilda uyiga qaytdi.

96 bahorni qarshi olayotgan otaxon yoshlarga tinchlikni asrash, bu kunlarning qadriga yetishni ko‘p uqtiradi.

Navoiy shahrida istiqomat qilayotgan Raisa Petuxova ham davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’zoz-ehtiromdan mamnun.

– Bugungi dorilomon kunlarni hech narsaga alishmayman, – deydi Raisa buvi. – Konslagerda chekkan azoblarni eslasam, hali-hamon yuragim uvishadi. Odamning joni tosh, deganlari rost ekan, yo‘qsa, u yerdagi xor-zorliklardan omon qolarmidik. Yaratganga shukr, taqdir menga shunday aziz yurtda yashashni nasib etdi. O‘zbek xalqiday samimiy, mehr-oqibatli, ko‘ngli xuddi yuziday toza, qo‘liday ochiq xalq yer yuzida yo‘q. Mening eng katta baxtim shu. Farzandlarim shu yurtda kamol topdi. O‘qib ilm oldi, yetuk insonlar bo‘ldi. Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo do‘stlik va totuvlikka ko‘z tegmasin!

Navoiy viloyatida istiqomat qilayotgan 63 nafar urush va 1 ming 347 nafar mehnat fronti faxriysining barchasiga mana shunday hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
2 321






Все о погоде - Pogoda.uz