O‘zA O`zbek

12.07.2018 10:49 Chop etish versiyasi

Dori vositalarining noqonuniy olib kirilishi oldi olindi

Dori vositalarining noqonuniy olib kirilishi oldi olindi
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Rossiya federatsiyasidan jo‘natilgan pochta jo‘natmasi orqali Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi bir nechta fuqarolar nomiga yuborilgan ammo deklaratsiyada ko‘rsatilmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini noqonuniy olib kirish holati aniqlandi.

Jo‘natmalarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida “CN-23” shaklidagi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 965 konvalyutada va 751 qutida hamda 113 flakonda har xil dorilar borligi ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dori-darmonlarning qiymati salkam 277 million so‘mni tashkil qiladi.

Shuningdek, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari “Almata – Toshkent” yo‘lovchi poyezdi yo‘lovchilarining qo‘l yuklarini bojxona nazoratidan o‘tkazish paytida qo‘shni davlat fuqarosi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan hamda bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilmagan qiymati 27,5 million so‘mdan ortiq 218 dona turli xil vitaminlarni olib kirishga uringani aniqlandi.

Xuddi shu poyezddagi boshqa bir yo‘lovchi, qo‘shni davlat fuqarosi qiymati 16 million so‘mlik 1 ming 80 dona dori-darmonlarni yashirincha olib kirishga uringani fosh etildi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Shu o‘rinda aytish joiz, sifatsiz dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlari inson uchun eng aziz ne’mat – sihat-salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi shubhasiz. Chunki, har xil sharoitlarda va belgilangan me’yorlarga rioya qilinmagan holda tashiladigan, olib kelinadigan dorilar shifo o‘rniga kasallikni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.

O‘zA
4 393