O‘zA O`zbek

14.08.2018 17:41 Chop etish versiyasi

Donishmand uyiga Tinchlikni birinchi kiritdi

Donishmand uyiga Tinchlikni birinchi kiritdi
Poytaxtimizning Olmazor tumani Moyariq mahallasida yashovchi Jobir Alimov (ism sharifi o‘zgartirilgan) qo‘shni xonadonni anchadan buyon kuzatib yurardi. Kim qachon ishga ketib, qachon kelishini yaxshi bilgan 24 yoshli yigit tunda xonadon devoridan oshadi va qimmatbaho buyumlarni olib chiqib ketayotganida xonadon bekasi uni ko‘rib qoladi. Ammo tun qorong‘isi pand berib, kim ekanini anglay olmaydi.

Shundan so‘ng mahalladagi kuzatuv kameralari tekshirildi. Buni qarangki, “uddaburon o‘g‘ri” qayerda kamera borligini, undan himoyalanish yo‘llarini yaxshi bilgan. Qidiruv-surishtiruv ishlari davom etayotgan bir paytda yigit Chilonzor tumanidagi kafelardan birida janjal chiqargan. IIB xodimlari tomonidan tekshirilgan va barmoq izlari olingan. Natijada uning uchta joyda amalga oshirgan jinoyatlari fosh etilgan.

Uning noto‘g‘ri qadam tashlashi, jinoyat ko‘chasiga kirishi, o‘z mahalladoshlari ishonchini suiistemol qilib, yuziga oyoq qo‘yishiga asosan ishsizlik sabab bo‘lgan.

Voqea o‘rganilib, tahlil etilgach, sodir etgan jinoyatlari sababli yetkazilgan zarar uning oila a’zolari tomonidan to‘liq qoplandi. Uning yoshligi, oilaviy sharoiti inobatga olinib, uzoq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Qisqa muddatli tartibga chaqirish ishlaridan so‘ng ozodlikka chiqarildi.

Ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika katta inspektori Sa’dulla Hakimovning ma’lumot berishicha, bu yosh yigit bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Hududdagi “Izzat” xususiy korxonasida ishlashi, oilasi iqtisodiga ko‘maklashish uchun imkoniyat yaratildi.

– Mahallada 5 mingga yaqin aholi bor, – deydi mahalla oqsoqoli Eryigit Bozorboyev. – Asosan hovli-joylardan iborat hududda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash maqsadida aholi hamisha ogohlikka chaqiriladi. Lekin “guruch kurmaksiz” bo‘lmaganidek, ular orasida bilib-bilmay xato qiladigan, jinoyatga qo‘l urayotganlari ham uchrab turibdi. Lekin o‘z aybi va kamchiligini vaqtida anglagach, xatosini tuzatishga urinmoqda. Shuning o‘zi katta gap.

Ayni kunlarda ushbu mahallada mustaqilligimizning 27 yilligiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 28 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotir. Bu yilgi bayram tantanalari “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mahalla faollari ham qadrli, dunyoda yagona, jonajon Vatanimiz tinchligi, mustaqilligini asrab-avaylash, uning taraqqiyoti, xalq farovonligi uchun harakat qilmoqda.

Shukrki, mustaqilligimiz sharofati bilan biz tinchlik-osoyishtalik, bunyodkorlik, ahillik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat hukm surgan, taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotgan, oqilona va odilona siyosat yuritilayotgan yurtda emin-erkin yashayapmiz.

Insonlarga tinchlik, osoyishtalikdan ko‘ra azizroq ne’mat yo‘q. Yurt notinch bo‘lsa, to‘y-tomosha, xursandchilik, o‘yin-kulgi tatirmidi.

Bundan uch yil oldin poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek bekatida 5 yoshlardagi bir bolakayning kattalar nazoratisiz turganini guvohi bo‘ldim. Undan nega yolg‘izligini so‘raganimda ota-onasi bilan istirohat bog‘ini aylangani kelganini, so‘ng u shoshib, kattalarni kutmasdan metroga kirganini, ulardan adashib qolganini aytdi. Bekatdagi mas’ul xodimlar, ichki ishlar organi mutaxassislarining tezkor sa’y-harakatlari bilan ota-ona topildi. Bunga bekatdagi yurtdoshlarimiz ham ko‘maklashdi.

Bu o‘zaro mehr-muhabbat, rahm-shafqat, qolaversa, insoniy fazilatlar, millatimizga xos an’analarning yorqin ifodasidir.

Yaqinda kursdoshlar yig‘iladigan bo‘ldik. Ularning orasida xorijni havas qilib ketganlar, oilasi, bola-chaqasi bilan musofir yurganlari ham bor. Ular topish-tutishi yaxshiligi, turmush sharoiti qulayligini aytishdi. Ammo farzandlari tinchligi, xotirjam o‘ynab-kulishi, qarovsiz qolishi xavfli ekanini ham ta’kidladi. Bolani yolg‘iz o‘ynashi, uyda qolishi, ta’lim muassasalariga yakka o‘zi bormasligi yuzasidan barcha choralarni ko‘rish shart ekan. Farzandlaringdan xavotir olib, yurak hovuchlab yurish oson bo‘lmasa kerak. U buni odam savdosi avj olganligi bilan izohladi.

Shunday paytda bolalarimizdan xavotir olmay ishda yurishimiz, ularni qo‘ni-qo‘shniga tayinlab, uyda yolg‘iz qoldirishimiz mumkinligidan quvonib ketasan kishi. Ko‘p qavatli uylar atrofidagi bolalar maydonchalarida o‘g‘il-qizlarimiz kattalar nazoratisiz bemalol o‘ynaydi. Umumta’lim maktablari, sport majmualari, musiqa maktablari va to‘garaklariga borib-keladi. Yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik sabab ulardan xavotir olmaymiz, farzandlarimizning o‘zi ham hadikda yurmaydi.

Rivoyat qilishlaricha, donishmand xonadonini taqillatib kelgan Tinchlik, Baxt va Omaddan birini tanlash kerak bo‘lganida, donishmand uyga Tinchlikni birinchi kiritgan ekan. Qolgan ikkisi uning ortidan ergashishini aytgan donishmand haq. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, avvalo, tinchlikni ta’minlashga e’tibor qaratildi. Bu esa ortidan turmush farovonligi va barqaror rivojlanishni boshlab keldi. Shuning o‘ziyoq tinchlikning ahamiyati nechog‘lik yuksak ekanini anglatadi.

Barno Meliqulova, O‘zA
2 532