O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Tuzilmalar faoliyatiga oydinlik kiritildi

DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Tuzilmalar faoliyatiga oydinlik kiritildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyati yuzasidan brifing oʻtkazildi. Unda fuqarolardan kelayotgan savollarga javob qaytarildi.

SAVOL: shu kunlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan “Mahalla” fondi rasmiy telegram sahifasida eʼlon qilingan soʻrovnomalar boʻyicha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlar tomonidan bizga koʻplab savollar kelib tushmoqda. Ularda soʻrovnomalar bilan bogʻliq koʻplab jihatlar qatori Fondning telegramm sahifasi nega oʻchirib yuborilganiga izoh soʻrayotganlar ham bor.

Saodat BOYMIRZAYEVA, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari:

– Mazkur soʻrovnomalarda “Mahalla” fondi huzurida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi faoliyatiga tegishli savol aks etgan. Bu esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻrtasida uning tashabbuskori sifatida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligini ham tasavvur etishi, buning natijasida Vazirlik faoliyati yuzasidan notoʻgʻri xulosaga kelishiga sabab boʻlmoqda.

Mazkur savol hamda soʻrovnomalar atrofida aylanayotgan savollarga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining munosabati quyidagicha:

Prezidentimizning joriy yil 18-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida aks etgan Vazirlik tashkiliy tuzilmasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 15-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida tasdiqlangan Nizomda keltirib oʻtilgan. Vazirlik tizimiga kiruvchi tashkilotlar roʻyxatida Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi koʻrsatib oʻtilmagan.

Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Vasiylik Kengashining 25.05.2020-yildagi 4-sonli bayoniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Ustavida belgilab oʻtilganidek, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tashkiliy-huquqiy shakli jamoat fondi boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotidir.

Fond huzurida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi faoliyatining hech bir jarayonlariga vazirlik ishtirok etmaydi. Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi jamgʻarmaning barcha faoliyat turlarini Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligidan mustaqil holda olib boradi hamda Jamgʻarmaga kelib tushgan xayriya mablagʻlarini oʻrnatilgan tartibda sarflanishiga yagona masʼul tashkilot hisoblanadi.

Keltirib oʻtilgan maʼlumotlardan umumiy xulosa shuki, Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi davlatimiz tomonidan sohaga oid qabul qilingan huquqiy hujjatlarda keltirib oʻtilgan oʻz maqsad va vazifalari, faoliyat turlaridan kelib chiqqan holda, alohida ish olib boruvchi davlat va jamoat tashkilotlaridir.

Yuqoridagiga qoʻshimcha sifatida aytib oʻtishim kerakki, Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining telegram sahifasini tashkil etish va oʻchirish toʻliq ravishda Fondning oʻz huquqi hisoblandi.

Hozirgi vaqtda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi barcha rasmiy sahifalari ishlab turibdi.

Shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali berilayotgan har bir xabarga asosli xolis munosabat bildirishlarini soʻrab qolgan boʻlardik.

1 726
OʻzA