O‘zA O`zbek

17.05.2020 Chop etish versiyasi

DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Bu yil fitr sadaqasi qancha va qachon beriladi?

DOLZARB SAVOLGA ANIQ JAVOB: Bu yil fitr sadaqasi qancha va qachon beriladi?

Ramazon oyi cavobli amallaridan biri, bu – fitr sadaqasi. Ulamolar taʼkidlashicha, fitr sadaqasining ajru savobi minglab xayrli ishdan aʼloroq ekan.

Muborak oyda xayru ehson qilish niyatida yurgan hamyurtlarimizni “Fitr sadaqasi kimlarga va qay tartibda beriladi?” degan savol qiziqtirishi tabiiy.

Bu savolga Andijon viloyati Izboskan tumani “Soʻfi Oxun” jomeʼ masjidi imom-xatibi Abdusalom SODIQOV batafsil javob berdi.

– Boshqa sadaqalar moldan qilinsa, sadaqai fitr kishi boshidan qilinadi. Ushbu sadaqa shariatimizda roʻzador uchun behuda gap-soʻz va harakatlardan poklanish, miskinlar uchun taomlanish boʻlsin, deb joriy qilingan. Roʻzador odam baʼzan nomaʼqul gapirib qoʻyishi, beixtiyor noqulay ishga qoʻl urishi, soʻngra bu ishidan afsuslanib, koʻngli gʻash boʻlib yurishi mumkin. Mana shu gʻashliklarni yuvib yuborish uchun sadaqai fitr toʻlash joriy qilingan.

Fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib boʻlgan sadaqa boʻlib, uni Ramazon oyi davomida berish maqsadga muvofiqdir.

Bu sadaqa Paygʻambarimizning hadisida bayon etilgan quyidagi toʻrt narsaning qiymati barobarida chiqariladi: 2 kilogramm bugʻdoy, 4 kilogramm arpa, 2 kilogramm mayiz va 4 kilogramm xurmo.

Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Andijon shahar bozorlaridagi narxlari oʻrganilganda 1 kilogramm bugʻdoy oʻrtacha 4 ming soʻm, 1 kilogramm arpa oʻrtacha 3 ming soʻm, 1 kilogramm mayiz oʻrtacha 35 ming soʻm va 1 kilogramm xurmo oʻrtacha 30 ming soʻm ekani maʼlum boʻldi.

Fitr sadaqasini berish Ramazon oyi roʻzasini tutishga bogʻliq emas. Agar biror kishi uzrli sabab roʻza tutolmasa ham fitr sadaqasini berishi vojib. Ota oʻz farzandlari uchun, hatto ona qornidagi farzandiga ham berishi kerak. Bu sadaqa faqirlarga, muhtojlarga, qarzdorga (qarzidan qolgan moli nisobga yetmasa), musofirga (yonida nisob miqdoricha mablagʻi boʻlmasa) beriladi.

Fitr sadaqasini ehtiyojmand boshqa din vakillariga ham berish mumkin. Ota oʻz farzandi zurriyotlariga bera olmaydi, farzand xam oʻz ota-onasiga, ajdodlariga bermaydi.

Fitr sadaqasini Ramazon hayitining tongiga qadar ado qilish vojib boʻladi, lekin qancha erta berilsa manfaati koʻproq. Fitr sadaqasini Ramazon oyi kirishi bilan berish mumkin. Kim ramazon oyi tugaguncha fitr sadaqasini bermasa, soʻng qazosini ado etishi lozim.

4 670
Gulnoza BOBOYEVA yozib oldi, OʻzA