Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 12:08 Chop etish versiyasi

Dolzarb muammoning ijobiy yechimi

Samarqand viloyatining olis Qo‘shrabot tumanida yashovchi Nodir ota o‘n bir yildan buyon keksalik pensiyasi oladi. Keyingi paytda pensiya pulining plastik kartochkaga o‘tkazib berilayotgani otaxonga ancha qiyinchilik tug‘dirayotgandi.

– Xudoga shukr, o‘g‘il-qizlarimizning barini o‘qitib, uyli-joyli qilganmiz, – deydi Nodir Sonniboyev. – Hammasi o‘zidan tingan, bizning pensiya pulimizga qarab qolgani yo‘q. Lekin farzandu nabiralarni yo‘qlab uyiga borayotganingda ikkita non, qand-qurs olging keladi-da. Afsuski, qishlog‘imizdagi savdo do‘konlaridan istagan vaqtingda plastikka mahsulot xarid qilib bo‘lmaydi. Tuman markaziga borgandagina ishlatib, ul-bul olamiz. Shu masala ta’bimizni biroz xira qilardi. Prezidentimizga ming rahmat, endi pensiyani to‘liq naqd olar ekanmiz. Qishlog‘imizning barcha keksalari xursand, to‘y-ma’rakalar, oila davrasida davlatimiz rahbarini duo qilib o‘tiribmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-fevraldagi “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Qo‘shrabot tumanida Nodir ota singari yetti mingdan ziyod pensioner fevral oyidan e’tiboran pensiyani to‘liq naqd pulda oladi. Nogiron va ijtimoiy nafaqa oluvchilarga ham to‘lovlar shu usulda amalga oshiriladi.

– Shu vaqtga qadar tumanimiz bo‘yicha pensiya va nafaqa pullarining qariyb 80 foizi plastik kartochkaga o‘tkazib berilardi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Qo‘shrabot tumani bo‘limi boshlig‘i Farhod Bolmanov. – Qishloqlarimizdagi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, bozorlarning to‘lov terminallari bilan to‘liq ta’minlanmagani tufayli bu aholi uchun qator noqulayliklar keltirib chiqarayotgan edi. Shuning uchun har kuni o‘nlab fuqarolar bo‘limga ushbu masala bo‘yicha murojaat qilardi. Hozir fevral oyi uchun pensiya va nafaqalarni moliyalashtirib, fuqarolarga naqd pulda berish maqsadida pochta bo‘limi hisobiga o‘tkazishni boshladik.

Prezidentimiz qarorida mamlakatimiz bo‘yicha 58 tog‘li va olis tumanlarda joylashgan byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, shuningdek, ushbu tumanlar aholisiga ijtimoiy to‘lovlar ham hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi belgilab berilgan. Bu tizim Samarqand viloyatining Paxtachi, Nurobod, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarida ham joriy etiladi.

– Bugungi kunda tumanimizdagi xalq ta’limi muassasalarining 3 mingdan ortiq pedagogi, 2 mingga yaqin tibbiyot xodimi, umuman, 7 ming 300 kishi mahalliy byudjetdan maosh oladi, – deydi Qo‘shrabot tumani moliya bo‘limi boshlig‘i Ibodulla Sayfiddinov. – Bundan tashqari, davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar, korxona va tashkilotlar bor. Qaror talablaridan kelib chiqib, bu idoralar xodimlarining ish haqini to‘liq naqd pulda berish yuzasidan bank va boshqa mutasaddilar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur qarori xalq bilan muloqot samarasi sifatida aholini o‘ylantirib kelayotgan dolzarb masalalarning ijobiy yechim topishiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
527






Все о погоде - Pogoda.uz