O‘zA O`zbek

12.07.2018 21:07 Chop etish versiyasi

Dolzarb masalalar muhokama markazida

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o‘ttiz sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining bo‘shab qolgan saylov okruglarida 2018 yil 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan deputatlar saylovi yakunlari bo‘yicha shahar saylov komissiyasi raisi X.Karimovning axboroti tinglandi. Shu asosda “Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining bo‘shab qolgan saylov okruglarida o‘tkazilgan deputatlar saylovi yakunlari va saylangan deputatlarning vakolatlarini e’tirof etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Sessiyada Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosi, byudjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish o‘rinlari barpo etish bo‘yicha 2018 yilning birinchi yarmi bo‘yicha Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Q.Aripov hisoboti tinglandi.

Ushbu masala bo‘yicha qabul qilingan qarorda korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda iqtisodiy o‘sishning yuqori va barqaror sur’atlarini saqlab qolish, ayniqsa, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmining izchil oshishini ta’minlash maqsadida iqtisodiyot sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etishda tumanlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar faoliyatini jonlantirish ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgartirishlar va diversifikatsiyalashni chuqurlashtirish, yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalarini jadal rivojlantirishni ta’minlash, mavjud quvvatlarni modernizatsiyalash hamda texnologik jihatdan yangilash jarayonlarini jadallashtirish qayd etildi.

Sessiyada Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan obyektlarning belgilangan muddatlarda ishga tushirilishi, dastur parametrlarining to‘liq va sifatli bajarilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatish, loyihalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni o‘rganib borish va ularnihal etish choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Toshkent shahar Bandlik, Iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmalari, Statistika, Davlat soliq boshqarmalari, Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi, tuman hokimliklarining 2018 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ijrosi yuzasidan ta’sirchan monitoring olib borishi belgilandi.

Kam ta’minlangan oilalar a’zolarining bandligini ta’minlashda ularga oid ma’lumotlarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlarining Milliy vakansiya bazasiga kiritish va ishga joylashtirishga yo‘llanmalar berish orqali mahallalarda aholi, ayniqsa, ayollar va yoshlarni ishga joylashtirishning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi va ijrosi ta’minlanishi zarurligi qayd etildi.

Sessiyada investitsiya, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish hisobidan tushumlarni ko‘paytirish, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar ishini tiklash hamda past rentabelli va zarariga ishlayotgan korxonalarning moliyaviy ahvolini yaxshilash ishlarini samarali yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Sessiyada ichki ishlar boshqarmasining Toshkent shahrida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida 2018 yil ikkinchi chorakdagi faoliyati atroflicha muhokama etildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi huzurida fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat fondini tashkil etish bo‘yicha hokim o‘rinbosari Sh.Turdiqulovning axboroti tinglandi.

“Toshkent shahridagi Bodomzor yo‘li ko‘chasiga buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nomini berish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.

Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida ko‘rilgan masalalar, shu jumladan, mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlashga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchiqonunlar bo‘yicha atroflicha axborot berildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining sessiyasida ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
2 536