O‘zA O`zbek

08.09.2018 13:06 Chop etish versiyasi

Doimo sogʻlom boʻlish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Doimo sogʻlom boʻlish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Andijonda salomatlikni targʻib qilish kunlari doirasida aholi chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda.

Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va saviyasini yuksaltirish, ayniqsa, turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Salomatlikni targʻib qilish kunlari” tadbiri ham ana shulardan biridir.

– Tadbirning asosiy maqsadi, aholining tibbiy bilim va tafakkurini yuksaltirish, oilalarda, fuqarolar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga koʻtarishdan iborat, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Shoxruh Mamajonov. – Qolaversa, har bir insonning oʻzi va yaqinlari salomatligi uchun masʼulligini, tibbiy savodxonligini oshirish koʻzda tutilgan.

Viloyatda ushbu tibbiy-ijtimoiy aksiyaning asosiy tadbirlari Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida boʻlib oʻtmoqda. Unda viloyat tibbiyot tizimidagi barcha davolash-profilaktika muassasalari, Andijon davlat tibbiyot instituti, institut klinikasi mutaxassislari, xususiy tibbiy muassasalarning shifokor va mutaxassislari aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazmoqda. Koʻrik davomida targʻibot va tushuntirish ishlari ham olib borilayotir. Bundan tashqari, yurtimizdagi qator farmatsevtika kompaniyalari oʻz mahsulotlari, sogʻlom turmush tarzi targʻibotiga oid koʻrgazmalari bilan ishtirok etmoqda.

250 nafardan ortiq shifokor, 350 nafarga yaqin oʻrta tibbiyot xodimlari tomonidan tadbirlarga tashrif buyurgan fuqarolar barcha yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, zarur tavsiya va maslahatlar olmoqda.

– Olti yoshli qizimning qulogʻi ogʻrib, eshitish qobiliyati biroz sustlashib qolgan edi, – deydi shahrixonlik Yoqutxon Zokirova. – Mahallamiz shifokori nazorati ostida davolash muolajalarini olib bordik. Bugungi tadbirda malakali otolaringolog-shifokor koʻrigidan oʻtdik. Davolash muolajalarini davom ettirish, qoʻshimcha dori-darmonlar olish zarurligi haqida tavsiya va maslahatlar oldik.

Bu kabi tibbiy koʻriklar viloyatning barcha tuman va shaharlari markaziy madaniyat va istirohat bogʻlarida oʻtkazilmoqda.

“Salomatlik kunlari”ning birinchi kunida 21 ming 700 nafardan ortiq fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Koʻriklar natijasida turli kasalliklar borligi aniqlangan fuqarolarga zarur tavsiyalar, ambulatoriya-poliklinika hamda shifoxonalarda davolanishlari uchun yoʻllanmalar beriladi. Shuningdek, turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, aholining tibbiy bilim va madaniyatini yuksaltirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish boʻyicha suhbatlar oʻtkazilib, mavzuga oid buklet, qoʻllanma va boshqa targʻibot materiallari tarqatilmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
2 080