O‘zA O`zbek

10.01.2018 15:18 Chop etish versiyasi

Doimo qalbimizdasan, mard o‘g‘lon!

Doimo qalbimizdasan, mard o‘g‘lon! Xalqimiz "Vatan ostonadan boshlanadi", deya bejiz aytmaydi. Binobarin, Vatanni himoya qilish – insonning o‘z ostonasini, ya’ni uyini, oilasini, sevimli yor va bolalarini, yaqinlarini, ota-bobolarining tabarruk xoki yotgan muqaddas tuproqni himoya qilish, degani. Shuning uchun ham Vatan himoyachilari hamisha el ardog‘ida.

Yurtimiz sarhadlari daxlsizligi va xalqimiz tinchligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlarning porloq xotirasi qalbimizda mangu yashaydi. Bu yorug‘ va dorilomon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, mo‘’tabar keksalarimiz duosini olish, tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetish, shukronalik bilan yashash bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga undaydi. Mustaqillik yillarida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, ularning oilasiga moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish yaxshi an’anaga aylangan.

 

...2017- yil 14- avgust. Oltariq tumani ichki ishlar bo‘limiga Kaptut qishlog‘idagi maishiy janjal haqida xabar tushdi. Voqea joyiga profilaktika xizmati xodimlari yetib borishdi. Ular orasida leytenant Doniyor Ortiqov ham bor edi. Muqaddam sudlanib, axloq tuzatish ishlariga hukm qilinib, jazo o‘tayotgan X.Abbos kutilmaganda xizmat burchini bajarayotgan profilaktika inspektoriga tashlanib qoladi va unga uch marotaba pichoq urib, og‘ir tan jarohati yetkazadi. Bir zarba osoyishtalik posbonining to‘g‘ri yuragiga sanchiladi... 

5.JPG

Fuqarolar tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida o‘z hayotidan kechgan mard o‘g‘lon endigina 29 yoshga kirgan edi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida marhum D.Ortiqov “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi. 

10.JPG

Vatan himoyachilari bayrami arafasida viloyat hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi vakillari marhum Doniyor Ortiqov xonadonida bo‘ldi. Oila a’zolarini bayram bilan tabriklab, ularga moddiy yordam ko‘rsatdi, sovg‘a-salomlar topshirdi. 

14.JPG

Farg‘ona tumanining Qo‘rg‘ontepa qishloq ahli shu yerda kamol topgan Doniyorjon bilan faxrlanadi.Uning porloq xotirasi hamisha barhayot. 



– Men o‘g‘lim bilan faxrlanaman, – deydi Normuhammad Ortiqov. – Albatta, ota sifatida bugun u oramizda yo‘qligidan iztirobdaman, ammo o‘g‘limning joni Vatan himoyasi yo‘lida fido bo‘lganidan g‘ururlanaman, qahramonligini yuksak mukofot bilan taqdirlagan Prezidentimizdan minnatdorman. Mard o‘g‘lonlarini munosib sharaflaydigan xalqning daldasi menga taskin bermoqda.

Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan Sardorbek Hojiyev ham 2008 yili muddatli harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan. Tadbir ishtirokchilari uning xonadoniga ham tashrif buyurdi. Sardorbekning bolalik va o‘quvchilik yillarini xotirlashdi. Shunday mard va jasur o‘g‘ilni voyaga yetkazgan ota-onasiga minnatdorlik bildirishdi.

Mana, o‘n yil o‘tibdiki, onaizorning ko‘zlari hamon eshikda. O‘g‘lini intizorlik bilan kutadi. Bunday yo‘qlovlar, o‘g‘li haqidagi samimiy so‘zlar unga taskin beradi. Suratiga boqib, diydoriga to‘yishga harakat qiladi. Mardlik, jasurlik timsoli bo‘lgan Sardorbekni Vatan hech qachon unutmaydi.

– Shu kunlarda Sardorbekning xotirasini yod etib kelayotganlar juda ko‘p, – deydi “Dilkusho” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Umidjon Qosimov. – Vatanimiz sarhadlarini mardonavor qo‘riqlab, jon fido etgan mahalladoshimiz bilan barchamiz faxrlanamiz. U yurt himoyasi yo‘lida haqiqiy vatanparvarlik namunasini ko‘rsatdi, xotirasi doimo qalbimizda yashaydi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
16 844