O‘zA O`zbek

09.01.2015 17:20:46 Chop etish versiyasi

Doimiy e’zoz va e’tiborda

Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Nukus filialida akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi mutaxassislari tomonidan aholi, jumladan, bir guruh faxriylar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

– Markazdagi mutaxassislarning malakasi, diagnostika imkoniyatlari kengligi hamkorlikdagi davolash ishlarimizning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilmoqda, – deydi tibbiyot fanlari doktori Hamidulla Abdumajidov. – O‘zaro tajriba almashish maqsadida Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda aholi, xususan, keksa yoshdagilar salomatligi yana bir nazoratdan o‘tkazilib, zarur maslahatlar berildi.

Shu yerning o‘zida malakali shifokorlar ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i, yurak-qon tomir xastaliklari, o‘pka va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan o‘ndan ortiq bemorni jarrohlik yo‘li bilan davoladi.

Bir hafta davom etgan salomatlik kunlari doirasida zamonaviy jarrohlik texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha seminarlar, bemorlar uchun tibbiy maslahatlar, jarrohlik operatsiyasi bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazildi. Tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tibbiyot muassasalaridan mutaxassislar ishtirok etdi.

– Malakali mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan mahorat saboqlari yosh jarrohlarimizning bilim ko‘nikmasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi, – deydi beruniylik jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi Bozorboy O‘rozaliyev. – Keksalarda nisbatan ko‘proq uchraydigan yurak-qon tomir kasalliklarini davolash va uning oldini olish hamda aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.