O‘zA O`zbek

14.08.2018 13:01 Chop etish versiyasi

Do‘stu qardoshdir azaldan o‘zbegim tojik bilan

Do‘stu qardoshdir azaldan o‘zbegim tojik bilan

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanining Oqjar, Katta qo‘rg‘oncha, Abdusamad kabi qishloqlari qo‘shni Tojikistonning Asht tumani bilan chegaradosh. Ikki qardosh xalqni Sirdaryo ajratib turadi.

Kechagidek esimda. Ilgarilari biz u tomondagi qarindoshlarimizning barcha to‘y va ma’rakalarida qatnashar edik. Ular ham doimo bizni uyga kelib, bordi-keldilar mustahkam yo‘lga qo‘yilgan edi. Bir necha yillar davomida ana shu bordi-keldilarning uzilgani bizlarni bir-birimizdan ancha uzoqlashtirdi.

Bir daryodan suv ichib, qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasida azaldan yaqin qo‘shnichilikka asoslangan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Aslida ikki xalqning umumiy tarixi, ma’naviy qadriyatlari bir. Xususan, keyingi bir yarim yil mobaynida o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, an’anaviy yaxshi qo‘shnilik, o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlar har ikki xalq manfaati yo‘lida izchil mustahkamlanib bormoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekiston – Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar tubdan o‘zgardi. Ikki tomonlama aloqalar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ijtimoiy-madaniy sohalarda izchil rivoj topib borayotir.

Ayniqsa, ikki davlat o‘rtasida chegara postlarining ochilgani xalqlarimiz uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu esa o‘zbek va tojik xalqlari do‘stligi, jipsligi hamda hamjihatligi yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi “Rovot” va “Andarxon” chegara bojxona postining ochilishi aholi uchun katta qulayliklarni yaratmoqda. Bu yerda aholiga soddalashtirilgan tartibda chegaradan o‘tish tizimi joriy qilindi. O‘zaro borish-kelishdagi to‘siqlar, ortiqcha rasmiyatchiliklarga barham berilayotgani, ayniqsa, asrlar davomida yelkadosh yashayotgan ikki xalq aholisini behad quvontirdi. Viloyat bojxona boshqarmasining axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, ikki post orqali shu kunga qadar 486 mingdan ziyod yo‘lovchi harakatlangan.

– Tojikistonning So‘g‘d viloyati Konibodom, Isfara va Asht tumani bilan umumiy chegaraga egamiz, – deydi Beshariq tumani kengashi deputati, 18-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Nodirbek Qobilov. –Azaldan har ikki mamlakat aholisi o‘zaro hamjihatlikda, ahil yashab kelgan. Minglab insonlarni bog‘lab turadigan qarindoshlik rishtalari mavjud. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan e’tibor yuksak samaralar berayotir.

Ha, bugun kim bilan gaplashmang, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik yanada mustahkamlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. To‘y-ma’rakalarda birga bo‘lib, qiz olib, qiz uzatmoqda.

Men Tojikiston Respublikasining Konibodom tumanida yashayman, – deydi mehnat faxriysi Maqsud Jo‘ra. – Toshkentdagi Nizomiy nomidagi pedagogika institutida o‘qiganman. Bugunga qadar birga o‘qigan do‘stlarimizni juda sog‘inar edim. Ammo shirin diydorga nima yetsin. Ularning to‘y, ma’rakalarida, quvonchli, qayg‘uli damlarida sherik bo‘lib yonida turolmas, necha yillarda bir diydorlashar edik. O‘rtamizdagi chegaralar ochilgach darhol ularning huzuriga oshiqdim. Hech bir muammosiz chegaradan o‘tib do‘stlarim bilan yuz ko‘rishdik. Biz keksalarga asosiysi tinchlik, sog‘liq kerak. Yurtlarimiz bundanda gullab-yashnasin, rivojlansin, do‘stona aloqalarimiz toabad mustahkamlansin.

E’tiborli jihati, keyingi vaqtda ikki davlat viloyatlarining o‘rtasida ham aloqalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Yaqinda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi So‘g‘d viloyatida bo‘lib, hamkorlikni yanada kengaytirishga doir kelishuv imzolandi.

Muxtasar aytganda, o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik azaliy va abadiydir. U zamonlar to‘foni-yu davrlar bo‘ronida toblangan, asrlar sinoviga bardosh bergan. Unga hech qanday kuch raxna sola olmaydi.

M. Sulaymonov, O‘zA
2 661