O‘zA O`zbek

14.08.2018 12:51 Chop etish versiyasi

Do‘stona aloqalar yanada mustahkamlanadi

Do‘stona aloqalar yanada mustahkamlanadi

O‘zbek va tojik xalqi azaldan yaqin qo‘shni, quda-anda, ishonchli do‘st bo‘lib yashagan. Madaniyati, urf-odati va tutumlarining uyg‘unligi esa bu rishtalarning mustahkam bo‘lishiga xizmat qilib kelmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor xalqlarimizning asrlar davomida sinovdan o‘tgan ana shu munosabatini yangi bosqichda yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifi muhim tarixiy voqea sifatida e’tirof etilib, azaliy do‘stlik va hamkorlik aloqalarni yangi mazmun bilan boyitdi. Oliy darajadagi bu tashrif siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirdi. Ishbilarmonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalar kengaydi. Yaqin qo‘shnilikka asoslangan ishlar samarasini Tojikiston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Joriy yilda dunyoning o‘ndan ortiq davlatlari vakillari qatorida tojikistonlik bir guruh olim va mutaxassislar Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan “CentraL Asia 2018. Fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida internet va axborot-kutubxona resurslari” XII xalqaro konferensiyasida, tadbirkorlar “Ochiq Janub” deb nomlangan Surxondaryo viloyatining investitsion, eksport va turizm salohiyatini yoritishga bag‘ishlangan xalqaro biznes forumda faol ishtirok etdi. Surxondaryo viloyati tadbirkorlari Tojikistonning Xatlon viloyatida, xatlonlik ishbilarmonlar Termiz shahrida ko‘rgazma-yarmarka o‘tkazdi.

– Xatlon viloyatida mahsulotlarimizga qiziqish katta bo‘ldi, – deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i B.Mardayev. – Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma-yarmarkada tojik birodarlarimiz ishlab chiqarayotgan qurilish materiallari ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Bu tadbirlarda ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi va shartnomalar imzoladik. Azaliy do‘stlik, qardoshlik hamda o‘zaro ishonchga asoslangan bu tadbirlarimiz xatlonlik va surxondaryolik ishbilarmonlarning savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani bilan e’tiborga sazovordir.

Surxondaryo viloyati hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, voha tadbirkorlari Tojikistonga arzon, sifatli chinni buyumlari, parranda tuxumi va boshqa ehtiyoj mollari, oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilmoqda.

– Korxonamiz zamonaviy xorij dastgohlari bilan jihozlangan, –deydi “Surxon Termiz Chinni” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari R.Ne’matullayev. – Mahalliy va qo‘shni davlatlar bozorini o‘rganib, 45 turdagi arzon, sifatli chinni buyumlari ishlab chiqarmoqdamiz. Tojikistonlik hamkorlar buyurtmasi asosida qo‘shni davlatga ham nafis mahsulotlarimizni yetkazib berganimizdan mamnunmiz. Xaridorlar taklifini o‘rganib, chinni buyumlar sifati va naqshinkorligiga alohida e’tibor qaratyapmiz.

Surxondaryo viloyatida mamlakatimizni Tojikiston Respublikasi bilan bog‘laydigan ikkita nazorat punkti faoliyat yuritmoqda. Endilikda qo‘shni davlat fuqarolari Surxon vohasida, surxondaryoliklar esa Tojikistonda qavmu-qarindoshlari, do‘stu-birodorlarining to‘y-tomoshalari va boshqa marosimlarida qatnashmoqda. Muqaddas qadamjolarda emin-erkin ziyorat amallarini ado etayotir.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi munosabatlarimizda alohida ahamiyat kasb etadi, aloqalarni, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

X. Mamatrayimov, O‘zA
2 004