O‘zA O`zbek

13.08.2018 18:39 Chop etish versiyasi

Do‘stlik va adolat darslari

Do‘stlik va adolat darslari
Xorijiy tillarni bilish jahon madaniyati yutuqlari va axborot resurslaridan samarali foydalanish imkonini beradi, xalqaro muloqotga keng yo‘l ochadi.

Ayniqsa, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayib bormoqda. Buyuk ajdodlarimizning vorislari bo‘lgan yosh avlod qisqa vaqtda dunyoda o‘z so‘zini ayta boshlagani yanada quvonarlidir.

Tilni puxta o‘rganishda maktab ta’limi asosiy o‘rin tutadi. Bu davrda o‘quvchi asosiy bilimni egallab, tilning grammatik qoidalari, muloqot ko‘nikmalarini o‘zlashtirishni boshlaydi. O‘quvchi til o‘rganishni muntazam davom ettirsa, kelajakda tanlagan sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lish bilan birga, xorijiy tilda bemalol so‘zlasha oladigan inson bo‘lib kamolga yetadi.

Ю. Артикова.jpgHavas va ibratga loyiq Yulduz Ortiqova ham ayni paytda ana shunday yoshlarga ta’lim-tarbiya bermoqda.

Uning o‘quvchilik davri ayni qizg‘in pallalarga to‘g‘ri keldi. 1998-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini muvaffaqiyatli tamomladi. Mehnat faoliyatini 1996-yilda 134-umumta’lim maktabida boshlab, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida davom ettirdi.

Yulduz hozirda AQSHning Filadelfiya shtatida istiqomat qiladi. U o‘qish va yozishning ilk ko‘nikmalarini qiziqish bilan o‘rganayotgan immigrantlarning bolalariga ingliz tilidan dars bermoqda. Zamonaviy texnologiya va o‘qitish metodikasidagi bilimi va tajribasi Yulduz Ortiqovaning ishini yengillashtiradi. U shuningdek, bolajonlarning ota-onalariga ham ingliz tilini o‘rganishda yordam beradi. Shu jumladan, hamyurtlarimiz uchun ham katta mehnat sarflaydi.

Kelajakda immigrantlar farzandlari va ularning ota-onalari uchun boshlang‘ich maktabni ochishni rejalashtirmoqda. Unda darslar ESL bo‘yicha maxsus dasturda olib boriladi. Loyiha maqsadi mamlakatga yangi kelganlar uchun ingliz tilini tezroq takomillashtirishga yordam berishdir. Chunki, ingliz tilini o‘rganish xohlovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Biz Yulduz Ortiqova bilan internet orqali onlayn suhbat uyushtirishga muvaffaq bo‘ldik.

– Yaqindagina hayot oppoq qog‘oz varag‘idek toza, hali hammasi oldinda edi. Kasb tanlash, oila yaratish, rejalar, orzu-umidlar... Bugun esa sen tajribali pedagog, yoshlar murabbiysisan. Agar sen hayoting davomida sevimli ishing bilan shug‘ullangan bo‘lsang, demak, baxtli insonsan, – deydi Yulduz. – Chetdan qaraganda, o‘qituvchilik kasbini o‘yinga o‘xshatish mumkindek tuyuladi. Yozuv taxtasi oldida turish, bo‘r bilan yozish, daftarlarni tekshirish... bularning barchasi katta pedagogik mehnatning eng kichik qismidir. Darsda vaqtning qiziqarli va tez o‘tishi, o‘qituvchining darsni tayyorlashga sarflagan sa’y-harakati va vaqtiga bog‘liq. Bugun xorijiy tillarni egallash – ulkan imkoniyatga ega bo‘lish demakdir. Bu barcha yoshdagi kishilarga zarur. Buni tushungan holda, yangi pedagogik texnologiyalar, jumladan, axborot texnologiyalarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirib, o‘z vaqtida malaka oshirish kurslarida faol qatnashdim, media materiallar imkoniyatlari, didaktik materiallar yangiliklaridan unumli foydalandim.

Uzoq yillik kasbiy va hayotiy tajriba bilan boyigan pedagog-bilimlar kelajakda tarbiyalanuvchilarning o‘z o‘rnini egallashi, muvaffaqiyatga erishishini belgilab beradi. Lekin bunda ular o‘z Vatanini yaxshi ko‘radigan, mamlakatining haqiqiy fuqarosi bo‘lib qolishi kerakligini tushunadi. Yulduz o‘z uyini, oilasini juda yaxshi ko‘radi. U uch farzand – bir qiz va ikki o‘g‘ilning onasi. U pazandaligi bilan ham yaqinlarining mehrini qozongan.

Ha, o‘qituvchini bejiz qalb me’mori deyishmagan. Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti qoshidagi chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi. Doimiy ishlaydigan ushbu kurslarda bir yilda 18 ming nafar o‘qituvchi qamrab olinadi. Mazkur kurslardan asosiy maqsad, chet tili o‘qituvchilarining nutq ko‘nikmasini rivojlantirish, maktabda, ayniqsa, boshlang‘ich sinflarda chet tili o‘qitish metodikasini takomillashtirish, pedagoglarga metodik qo‘llanmalardan foydalanishda yordam berish, shuningdek, doimiy mustaqil ta’lim olishini rag‘batlantirishdir.

Malaka oshirish institutida Yulduz Ortiqova o‘z rahbarlari boshchiligida yurtimizning barcha ingliz tili o‘qituvchilari uchun ko‘plab muhim ishlarni bajardi. Hamkorlar bilan uzluksiz ish olib bordi. Mazkur o‘quv kurslarda ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shdi. Bu yerda kurslardan tashqari, Respublika tayanch maktablarida har juma kuni o‘tkaziladigan darslar uchun o‘quv qo‘llanmalar tuzildi va o‘quv yili davomida har oy nashrdan chiqarilib, viloyatlarga yuboriladigan qo‘llanmalarga Yulduz bosh muharrirlik ishini a’lo darajada bajardi.

Oliy toifali o‘qituvchi Yulduz Ortiqovani ana shunday fidoyi insonlar qatoriga qo‘shishimiz mumkin. U 22 yillik pedagogik faoliyatini 134-umumta’lim maktabi, O‘zbekiston milliy universiteti, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida olib bordi. O‘qituvchilik kasbidek sharafli, mas’uliyatli kasb yo‘q. O‘qituvchi bilimlar olami, insoniy munosabatlar, axloqiy qadriyatlar eshigini ochadi.

Ming-ming farsah olislarda, ummonlar osha o‘zbek millatining tafakkur yog‘dusini taratayotgan Yulduz Ortiqova singari o‘nlab vatandoshlarimizga ma’rifat va ezgulik yo‘lida omad tilaymiz!

Ozoda Bekmurodova,
jurnalist

2 125