O‘zA O`zbek

16.02.2018 18:12 Chop etish versiyasi

Do‘stlik festivali

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi.

Mirishkor tumanidagi 35 qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inida 112 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. O‘zbek, turkman, tojik, arab, qozoq, qirg‘iz, rus, koreys va boshqa millatlarga mansub yurtdoshlarimiz ahil-inoq, tinch va farovon yashab kelmoqda.

Qo‘sha-qo‘sha dosh­qozonlarda sumalak, osh, yorma kabi o‘zbek milliy taomlari tayyorlanib, festivalga tashrif buyurgan mehmonlar uchun tuzatilgan dasturxonlarga tortildi. Turli millatga mansub yurtdoshlarimiz to‘kin dasturxon atrofida dildan suhbat qurdi.

– Qarshi davlat universitetida 47 nafar turkmanistonlik yosh turli yo‘nalishlarda tahsil olmoqda, – deydi turkmanistonlik Dilnoza Choriyeva. – O‘zbek xalqining bag‘rikengligi, bu yurtda ahil-inoq yashayotgan turli millat vakillarining hamjihatligiga havasing keladi kishi. Biz shunday mehmondo‘st, bag‘rikeng, osoyishta va katta maqsadlar yo‘lida tobora yuksalib borayotgan mamlakatda o‘qiyotganimizdan baxtiyormiz.

O‘tovlar atrofida milliy o‘yinlar o‘ynayotgan bolalar shodligi, qadimiy lapar va raqslar ijro etayotgan folklor jamoalarining ijrolari, hunarmandlarning dastgoh va ijod namunalari bayramga yanada jilo berdi. Ayniqsa, Shahrisabz shahridan tashrif buyurgan Mehriddin Xudoyberdiyev boshchiligidagi oilaviy dorbozlar ijrosidagi tomoshalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Qo‘chqor va xo‘roz urishtirish musobaqalarini ham bayram ishtirokchilari zavq bilan tomosha qildi.

Taniqli san’atkorlar ijrosida turli tillarda yangragan kuy-qo‘shiq va sho‘x-shodon raqslar barchaga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
6 518