Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2018 15:52 Chop etish versiyasi

Do‘stlik darvozalari hamisha ochiq bo‘lsin

Do‘stlik darvozalari hamisha ochiq bo‘lsin
O‘zbek va tojik xalqlarining munosabatlari kecha yo bugun paydo bo‘lgan yangi voqelik emas. Ajdodlarimizning ma’naviy-madaniy yaqinligi asrlar mobaynida shakllangan va davom etib kelgan.

Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar chog‘ida shunday deb ta’kidladi: “Xalqlarimizni asrlar davomidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ikki tomonlama hurmat-e’tibor birlashtiradi. O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik Tojikiston Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bugungi uchrashuvimiz, olib borilayotgan muzokaralar negizi ko‘p jihatdan tarixiy xususiyatga ega bo‘lib, hammamizni harakatga keltiradi. Ular Tojikiston va O‘zbekiston munosabatlarining zinama-zina sifatli yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun ishonchli zamin yaratadi”.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi tijorat va iqtisod, madaniyat va bashariy aloqalar, transport, suv va energetika zaxiralaridan foydalanish, xavfsizlik va mudofaa, shuningdek, ikki o‘lkaning mintaqalararo aloqalariga asos soldi.

Bugungi kunda chegaraga bog‘liq deyarli barcha muammo yechim topdi va bu voqelik tomonlarning bu xususda tegishli Shartnomani imzolashiga imkon yaratdi.

30 kun mobaynida ikki tomonlama vizasiz tartibning joriy etilishi oliy darajadagi Tojikiston – O‘zbekiston muloqoti natijasidir. Shu bilan birga chegaralardagi barcha nazorat punktlarida bosqichma-bosqich faoliyat tiklanishi to‘g‘risidagi ikki tomonlama kelishuv g‘oyat quvonchlidir.

Shu o‘rinda oldinga qo‘yilgan maqsadlar ro‘yobi va munosabatlar rivojiga doir qator ikki tomonlama shartnomalar imzolangani va ular Tojikiston parlamenti tomonidan ma’qullanganini ta’kidlamoqchiman. Bu ulug‘ ishlar Tojikiston va O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakati bilan amalga oshirildi, natijada xalqlarimizning do‘stlik-birodarlik aloqalari mustahkamlanishi uchun qulayliklar yaratilyapti.

Joriy yilning 1-4-avgustida jamoat, siyosat va madaniyat namoyandalaridan iborat Tojikiston do‘stlik delegatsiyasi O‘zbekistonga safar qildi. Bu safar bir-biriga do‘st va birodar Tojikiston va O‘zbekiston oliy rahbariyatining oqilona siyosati samarasi bo‘lib, o‘zbek va tojik xalqlarining totuvligi, birdamligi va muhabbati namoyishiga aylandi.

Tojikiston do‘stlik delegatsiyasi O‘zbekiston hududiga kirgach, istiqbol uchun issiq quchoqlar ochildi, karnay-surnay, kuy-qo‘shiq sadolari yangradi.

Usmon Qur’onining asl nusxasi saqlanayotgan Hazrati Imom majmuasi ziyorati, Simpoziumlar saroyi va Adiblar xiyoboni, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, unga tutash Amir Temur xiyoboni, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy va Fanlar akademiyasi kutubxonalari, Samarqand shahridagi Ulug‘bek rasadxonasi, Tillakori va Sherdor madrasalari, “Registon” majmuasidagi tarixiy film-shou namoyishi, ustoz Ayniy uy-muzeyiga tashrif bizda bir olam yaxshi taassurot qoldirdi.

Istiqbol qanday samimiy bo‘lsa, kuzatuv shu darajada esda qolarli edi. Taqdir hukmi bilan birlashib ketgan xalqlarimizni aslo ajratib bo‘lmaydi. Mehr-muhabbat va do‘stlik-birodarlik darvozalari hamisha ochiq bo‘lsin. Samimiy uchrashuv va muloqotlar davomida bir-birimizni qanchalik sog‘inganimiz, bir-birimizga tashna ekanimizga guvoh bo‘ldik.

Biz ko‘p asrlik tarixiy do‘stlik munosabatlarimiz tiklanishiga, bu borada yangi davr boshlanishi, hamma narsa asl holatiga qaytishiga hamisha ishonardik. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bularning bari orzudan haqiqatga aylandi. Qisqa fursatda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga erishildi, tijorat sohasidagi muzokaralar, madaniy-gumanitar, keng qamrovli aloqalar rivojlanmoqda.

Tojikistonda o‘zbek tili rivojlanishi uchun katta e’tibor berilyapti. Mamlakatimizda 260 dan ortiq o‘zbek maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha kafedralar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tojikiston do‘stlik delegatsiyasi safari doirasida parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati T.Abdusattorov

bilan qonunchilik sohasida va ikki mamlakat parlamentlari orasidagi do‘stlik guruhi ishini yanada yaxshilash borasida suhbatlashdik.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi parlamentining Majlisi namoyandagon palatasi raisi Shukurjon Zuhurovni qabul qilganida do‘stona munosabatlarimiz ikki xalq qalblariga ildiz otgan, deb lutf etdi. Shunday ekan, bu aloqalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish har birimizning siyosiy va insoniy vazifamizdir.

Tarixiy va madaniy qadriyatlarimiz umumiyligi, ikki tomonlama ehtirom va hamjihatlik an’anasi Tojikiston bilan O‘zbekistonning istiqbolli hamkorligiga ustuvor zamin yaratadi.

Lutfiya Rajabova,
Tojikiston Respublikasi parlamenti
Majlisi namoyandagon palatasining
ilm, maorif, madaniyat va yoshlar
siyosati bo‘yicha qo‘mitasi raisi

O‘zA
2 098