Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 14:57 Chop etish versiyasi

Do‘stim bilan faxrlanaman

Do‘stim bilan faxrlanaman
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan do‘stingiz bilan oxirgi marta qachon ko‘rishgansiz? U bilan gaplashmaganingizga qancha bo‘ldi? Hozir u bilan ko‘rishib qolsangiz, nima degan bo‘lardingiz?

Bunday savollardan yurak xapriqishi tabiiy. Chunki, inson uzoq vaqt ko‘rishmagan o‘z yaqinlari bilan birga qadrdon do‘stlarini ham sog‘inadi, ularning suhbatini qo‘msaydi. Ayniqsa, harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlarga bu juda bilinadi. 

4 (1).JPG

Joriy yilda Vatan himoyachilari kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, mahalliy hokimliklar yurtimizning turli hududlarida muddatli harbiy xizmat o‘tayotgan askarlarga oila a’zolari qatorida do‘stlari bilan ham videomuloqot orqali ko‘rishishlariga imkoniyat yaratdi. 

9.JPG

Samarqand shahrida “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” deb nomlangan videomuloqotda Samarqand va Xorazm viloyatlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar va ularning oila a’zolari, do‘stlari bir-birlari bilan diydorlashdi.

Videomuloqot ishtirokchilarini Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimliklari mas’ul xodimlari, Yoshlar ittifoqi faollari, harbiylar Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi bilan tabrikladi. Ularga eng samimiy tilaklar bildirildi.

Shundan so‘ng Xorazmda harbiy xizmat o‘tayotgan samarqandlik askarlarning va, o‘z navbatida, qadimiy shaharda xizmat qilayotgan xorazmlik yigitlarning oila a’zolari, do‘stlari Vatan himoyachilarini bayram bilan qutladi. 

3 (2).JPG

– Sinfdosh o‘rtog‘im Elyor Abdug‘afforov bilan ko‘rishmaganimizga qariyb bir yil bo‘ldi, – deydi Samarqand davlat universiteti talabasi N.Rahmatullayev. – Bolalikdan birga o‘sganimiz uchunmi, bu juda uzoq muddatdek tuyulmoqda. O‘tgan vaqt davomida telefon orqali gaplashib turdik. Lekin ko‘z-ko‘zga tushib gaplashish boshqacha-da. Bugun ana shunday imkoniyat yaratilganidan xursandman. Do‘stimni avvalo Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladim. O‘qishim haqida gapirib berdim, u esa xizmati haqida aytdi. Harbiy xizmat unga yoqibdi. Bo‘y-basti yana ham kelishib, qaddi ancha rostlanibdi. Shunday do‘stim borligidan faxrlandim.

– Do‘stim O‘lmasbekka havas qilib, 2017-yilda barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Samarqandda muddatli harbiy xizmatni o‘tash baxtiga erishdim – deydi Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidan harbiy xizmatga kelgan U.Allayorov. – Bir yillik xizmat men uchun katta hayot maktabi bo‘ldi. Vatanning muqaddasligi, yigitlik burchi haqidagi tasavvurlarim boyidi. Bugun ota-onam va O‘lmasbek bilan suhbatlashib, bir-birimizni bayram bilan tabrikladik.


G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
10 679