Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 15:37 Chop etish versiyasi

Do’st boshga ish tushganda bilinadi

Do’st boshga ish tushganda bilinadi 2017 yilning boshlanishi Tojikiston uchun nihoyatda seryog’in keldi. Joriy yil yanvar-fevral oylarida mamlakatning tog’li hududlarida juda ko’p qor yoqqani natijasida katta qor ko’chkilari ro’y berdi. Bunday ayanchli hodisa butun mamlakat hududida 500 dan ziyod marotaba qayd etildi. Afsuski, tabiiy ofat oqibatida nafaqat iqtisodiy zarar ko’rildi, balki qor ko’chkilari insonlarning halok bo’lishiga ham olib keldi.

1.JPG

Tojikistonning yaqin qo’shnisi va birodar davlat bo’lgan O’zbekiston tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun ko’mak ko’rsatish yuzasidan ushbu mamlakat hukumatining murojaatiga birinchilardan bo’lib munosabat bildirdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig’iga muvofiq, qisqa muddat ichida 60 tonnadan ziyod hajmdagi insonparvarlik yordami yuklari hozirlandi va Tojikistonga yuborildi.

4.JPG

Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, ko’mir, issiq kiyim va birinchi ehtiyoj uchun zarur bo’lgan boshqa tovarlardan iborat insonparvarlik yordami ortilgan yuk mashinalari 7 mart kuni erta tongda Tojikiston bilan chegaradosh bo’lgan Surxondaryo vilotining Uzun tumaniga yetib keldi.

Bu yerda insonparvarlik yuklarini olib kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o’rinbosari Komil Aripov boshchiligidagi respublikamiz delegatsiyasini Uzun tumani hokimligi vakillari, ta'lim muassasalari xodimlari, yoshlar va mehnat faxriylari kutib olishdi. Ular O’zbekiston rahbariyati qo’shni mamlakatga yordam ko’rsatish yuzasidan o’z vaqtida qaror qabul qilgani va bu tashabbusning dolzarb ekanligini qayd etishib, delegatsiya a'zolariga oq yo’l tilab qoldilar.

6.JPG

«Sariosiyo» chegara punktidan o’tganidan so’ng O’zbekiston delegatsiyasi Tojikistonning chegara huddudida joylashgan Tursunzoda shahriga yetib keldi. Bu yerda mamlakatimiz delegatsiyasini Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar qo’mitasi raisi Rustam Nazarzoda, mamlakatning qator vazirlik va idoralari vakillari, O’zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Shoqosim Shoislomov kutib olishdi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilganidan so’ng yuk ortilgan mashinalar karvoni poytaxt shahar - Dushanbega qarab yo’l oldi.

Mamlakatimizning insonparvarlik yordami yuklari Dushanbedagi belgilangan manzilga yetkazilgach, jurnalistlar uchun qisqacha brifing bo’lib o’tdi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari oldida so’zga chiqqan mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o’rinbosari Komil Aripov O’zbekistonning bu ko’magi qo’shni mamlakatga qiyin vaziyatlarda ko’rsatilgan birinchi insonparvarlik yordami emasligini, bundan bir necha yil burun ham respublikamiz Tojikistonga qurilish materiallari, dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa tovarlardan iborat insonparvarlik yuklarini taqdim qilganini qayd etdi. K.Aripov ta'kidlaganidek, bu O’zbekistonning mintaqadagi qo’shnilariga yordam qo’lini cho’zishga hamisha tayyor ekanligidan dalolat beradi.

8.JPG

O’z navbatida, Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar qo’mitasi raisi Rustam Nazarzoda tabiiy ofatdan jabrlanganlarga ko’mak ko’rsatish yuzasidan Dushanbe mintaqaning qator davlatlariga hamda xalqaro tashkilotlarga murojaat etganini ma'lum qildi. Uning aytishicha, O’zbekiston birinchilardan bo’lib o’z qo’shnisiga yordam qo’lini cho’zdi.

9.JPG

- Tojikiston hukumati nomidan o’z vaqtida ko’rsatilgan ushbu yordam uchun O’zbekiston hukumati va rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman, - deya bayonot berdi R.Nazarzoda. - O’zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa idoralarining jonbozligi tufayli insonparvarlik yuklari Tojikistonga o’z vaqtida yetkazib berilgani katta e'tiborga sazovordir. Qadrli o’zbek do’stlarimiz, rahmat sizlarga!

Jahon AA – O’zА
3 230






Все о погоде - Pogoda.uz