O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

“Diydor“da dillarga quvonch ulashildi

“Diydor“da dillarga quvonch ulashildi

Mamlakatimizda 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kunini keng nishonlash uchun joriy yilning 30 noyabridan 30 dekabriga qadar o‘tkazilayotgan mehr-muruvvat oyligi doirasida Surxondaryo viloyatida ham bayram tadbirlari tashkil etilmoqda.

“TOʻPALANG HPD HOLDING” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Sariosiyo ko‘zi ojizlar o‘quv-ishlab chiqarish korxonasi ishchi-xizmatchilari uchun tashkil etilgan bayram dasturxoni ham ishtirokchilarga bir olam quvonch bag‘ishladi.

“Diydor“ to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Sariosiyo tumani hokimi O‘.To‘raev va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar xalq manfaatlarini ta’minlab, imkoniyati cheklangan fuqarolarni ham har taraflama ijtimoiy himoya qilish hamda ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi.

Prezidentimizning 2017 yil 1 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Bu jarayonda ularning ijtimoiy muammolarini hal etib, uy-joy bilan taminlash, mehr-muruvvat ko‘rsatib, moddiy ko‘mak berish, huquq va manfaatlarini himoya qilish kabi ulug‘ fazilatlarimiz yanada keng namoyon bo‘lmoqda.

Sariosiyo ko‘zi ojizlar o‘quv-ishlab chiqarish korxonasida ikki yuzga yaqin kishi mehnat qiladi. Ularning saksonga yaqini ko‘zi ojiz insonlardir.

– Imkoniyatimiz cheklangan bo‘lsa ham yaratilgan sharoitlardan foydalanib halol mehnat qilyapmiz, – deydi korxona rahbari Sh.Xo‘jaev. – Ko‘rpa-to‘shak va boshqa yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarib, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shyapmiz. So‘nggi yillarda har taraflama ko‘rsatilayotgan e’tibor bizni yanada unumliroq ishlashga rag‘batlantirayotir. Turli bayramlar arafasida davlat, jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar vakillari yo‘qlab, holimizdan xabar olayotgani, mehr-muruvvat ko‘rsatayotganidan behad mamnunmiz.

Tadbirda bir guruh ishtirokchilarga tuman hokimligi va “TOʻPALANG HPD HOLDING” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. To‘kin dasturxon va san’atkorlarning diltortar kuy-qo‘shiqlari davraga o‘zgacha fayz ulashdi. 

657
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA