O‘zA O`zbek

28.08.2018 12:11 Chop etish versiyasi

DIQQAT! Tanlovning 1-bosqich gʻolibi eʻlon qilindi

DIQQAT! Tanlovning 1-bosqich gʻolibi eʻlon qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Davlat xizmatlari agentligi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining 100 000-foydalanuvchisini mukofotladi. 

Tugʻilganimizdan boshlab hayotimiz davomida biz davlat xizmatlarini olish jarayoniga duch kelamiz. Tugʻilganlik haqida guvohnoma olish, bolani bogʻchaga, keyinchalik maktabga joylashtirish, STIR hamda pensiya daftarchasini olish — bularning barchasi davlat xizmatlaridir. Yuqorida aytilgan xizmatlar mamlakatimizning har bir fuqarosining hayotida uchraydigan holatlarning ayrimlari.

Bugungi kunda hukumat ularni koʻrsatish jarayonini soddalashtirib, ularni yanada qulay, tezkor va shaffofligini taʻminlashga intiladi. Bu maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yaratildi.

Dastlabki kunlardanoq Agentlikning oldiga qoʻyilgan asosiy maqsadlaridan biri — joylarda tezkor va sifatli davlat xizmatlarini koʻrsatish. Hech qaysi fuqaro eʻtibordan chetda qolishi kerak emasligi taʻminlandi. Shahar va tumanlarda Davlat xizmatlari markazlari tashkil etilgan boʻlsa, olis joylarda yashaydigan aholi punktlari uchun esa markaz xodimlari har hafta “mobil” davlat xizmatlarini koʻrsatishlari yoʻlga qoʻyilgan. Asosiy maqsad — raqamli davlat xizmatlariga bosqichma-bosqich oʻtishdir.

Bugungi kunda Yagona portal toʻliq ishlab turibdi, uning yordamida siz hohlagan davlat xizmatini uydan chiqmasdan yoki ish joydan uzluksiz, kun yoki tun — istalgan vaqtingizda olishingiz mumkin. Tan olish kerak, xizmatlarni olishning elektron usuli eng oddiy, qulay, tezkor hamda zamonga hamnafas hisoblanadi. Chunki undan foydalanish uchun kompyuter hamda internetga kirish imkoni boʻlsa bas. Faqatgina veb-sahifani kataklarini toʻldirish va kerak boʻlgan xizmatga murojaat qoldirish talab etiladi. Javobi ham odatda onlayn tarzda keladi.

Agar ilgari u yoki bu xizmatni olish uchun idoralarga bir toʻda qogʻoz koʻtarib tashrif buyurish, navbatlarda turish, bir xil hollarda esa yana qoʻshimcha hujjatlarni toʻplash kerak boʻlgan boʻlsa, Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari Portali bu jarayonlarni soddalashtiradi — hujjatlar roʻyxati maksimal darajada kamayib, zarur boʻlgan maʻlumotnoma olish muddati qisqaradi.

Biroq, zamonaviy usulning yorqin afzalliklariga qaramay, bugun aholining aksariyat qismi yoki ular haqida bilmaydi, yoki raqamli axborot vositasiga ishonishmaydi, yoki internetga kirish imkoniga ega emas (bu alohida masala).

Shuning uchun aholi oʻrtasida xizmatlardan onlayn tarzda foydalanishni ommalashtirish va ragʻbatlantirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi tomonidan elektron xizmatlarining 100 000-foydalanuvchisini mukofotlash vaʻdasi bilan tanlov eʻlon qilingan edi.

AKT vazirligi bergan maʻlumotga koʻra, u — qizi Zamira Abdupattoyevani bolalar bogʻchasiga joylashtirish uchun murojaat qilgan Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida yashovchi Ergashev Sohibjon Abdupattoyevich boʻlib chiqdi va zamonaviy planshet bilan mukofotlandi. Mamalakatimizda internetdan foydalanish bir xil emasligiga qaramasdan, olis aholi punktida istiqomat qiluvchi fuqaroning mazkur tanlovda gʻolib boʻlishi, fuqarolar elektron xizmatlardan foydalanishi oson, qulay va tejamliligini anglaganliklaridan dalolat. Hatto uzoq hududlarning fuqarolari ham bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini tushunishi, elektron xizmatlardan foydalanishga qaratilgan targʻibot ishlari sezilarli natijalarni berayotganini anglatadi.

Shunday ekan, innovatsiya va axborot texnologiya davrida davlat xizmatlarini elektron shaklda olish, uni koʻrsatish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi hamda qulayligi bilan farqlanadi. Mazkur sohaning yanada rivojlanishi fuqarolarning davlatga boʻlgan ishonchini oshirishga, aholining koʻrsatilgan xizmatlardan roziligini taʻminlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya 
vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi

OʻzA
1 364